BUTRUSNING BIRINCHI MAKTUBI


1-bob

1 Iso Masihning havoriysi men, Butrusdan – Pont, Galatiya, Kappadokiya, Asiya va Bitiniya viloyatlariga tarqalgan mumtoz musofirlarga salom!

2 Otamiz Xudo O`zining azaliy qaroriga binoan sizlarni tanladi, O`z Ruhi orqali muqaddas qildi, Iso Masihga itoat etmog`ingiz orqali Uning qoni ustingizga sepilishi uchun imkon yaratdi. Sizlarga Xudo inoyati ko`payib, xotiringiz jam bo`lsin.

3 Rabbimiz Iso Masihning Otasi Xudoga hamdu sanolar bo`lsin! U bizga behad rahm-shafqat ko`rsatdi, Iso Masihning tirilishi asosida bizni yangidan tug`iltirib, tirik bir umidga ega qildi.

4 Samoda saqlanayotgan beg`ubor, chirimas, so`lmas bir meros sizlarni kutmoqda.

5 Oxirzamonda ochiq ko`rinishga tayyor bo`lgan ulug` najotga erishmog`ingiz uchun, imoningiz tufayli, Xudoning qudrati bilan qo`riqlanmoqdasizlar.

6 Shu sababdan behad xursandsizlar. Hozir turli vasvasalar tufayli biroz qayg`urishingizga to`g`ri kelsa-da,

7 lekin bu vasvasalar imoningizni sinash uchun foydali ekanligini bilinglar. Hatto foniy oltin ham olovda toblanib, sinaladi. Shu singari, oltindan ham qimmatli bo`lgan imoningiz sinovdan o`tib, Iso Masih osmondan zohir bo`lgach, sizlarga maqtov va shon-sharaf keltirsin.

8 Siz Masihni ko`rmagan bo`lsangiz ham, Unga muhabbat bog`layapsizlar. Hozir Masihni ko`rmagan holda Unga ishonyapsizlar va so`zlar bilan ifodalab bo`lmaydigan darajada ulug` bir shodlik bilan to`lib-toshmoqdasizlar.

9 Chunki imoningizning natijasi o`laroq jonlaringiz uchun najot topmoqdasizlar.

10 Sizlar topgan ulug` najot to`g`risida qadim zamon payg`ambarlari ham karomat qilganlar, ular Xudo inoyatining mohiyatini sinchiklab tekshirganlar.

11 Masihning Ruhi ularda bor edi va ularga Masihning chekadigan azob-uqubatlariyu, oxirida erishadigan shon-shuhrati haqida oldindan ma`lumot berar edi. Bunday ilhomlangan payg`ambarlar Masih Ruhi kimni va qaysi paytni ko`rsatayotganini anglamoqqa tirishadilar.

12 Aslida payg`ambarlar bu tekshiruvlarni o`zlari uchun emas, balki sizlar uchun qilganliklari haqida Xudodan vahiy olganlar. Hatto farishtalar ham bu sirlarni aniqlashni ko`p orzu qiladilar. Hozirgi davrda esa Injil targ`ibotchilari osmondan yuborilgan Muqaddas Ruhdan ruhlanib, bularni sizlarga bayon etdilar.

13 Shuning uchun fikr-zikringiz ishda bo`lsin, hushyor bo`linglar. Iso Masih osmondan tushib zohir bo`lganda sizlarga nasib bo`lajak inoyatga mutlaqo umid bog`langlar.

14 Gapga ko`nadigan bolalar kabi bo`linglar, ilgarigi g`aflat paytida sizlarni qamragan ehtiroslarga qaytmanglar.

15 Sizlarni da`vat etgan Xudo qanday muqaddas bo`lsa, sizlar ham butun yurish-turishingizda shunday muqaddas bo`linglar.

16 Xudo: “Muqaddas bo`linglar, zero Men muqaddasman”, deb aytgani yozilgan.

17 Har bir kishini yuz-xotir qilmasdan, qilmishiga yarasha taqdirlovchi Xudoga sizlar Otamiz deb murojaat qilar ekansiz, u holda musofirchilik davringizda Xudodan qo`rqib yashanglar.

18 Bilasizlarki, ota-bobolaringizning bema`ni turmush tarzidan kumush yoki oltinga o`xshash o`tkinchi narsalar evaziga qutulmagansizlar.

19 Sizlar benuqson va beg`ubor qo`zi qoniga o`xshagan Masihning qimmatbaho qoni evaziga qutulgansizlar.

20 Masih dunyo bino bo`lishidan burun tayinlangan bo`lsa ham, zamonning oxirida sizlar uchun paydo bo`ldi.

21 Sizlar Masih vositasida Xudoga ishonasizlar. Xudo Masihni tiriltirib, ulug`vorlikka erishtirdi. Bu imonda qatiq turinglar, Xudoga tamoman umid bog`langlar.

22 Sizlar Ilohiy Ruh va haqiqatni tan olib, jonlaringizni pok qilib, samimiy birodarlik muhabbatiga ega bo`lgansizlar. Shuning uchun bir-biringizni chin yurakdan, ixlos bilan sevinglar.

23 Sizlar foniy emas, balki boqiy urug`dan, ya`ni Xudoning hayotbaxsh, abadiy kalomi orqali yangidan tug`ildingizlar.

24 Chunonchi Tavrotda shunday yozilgan: “Butun bashar bir o`tga o`xshar, o`tning guldayidir uning bor ko`rki. O`t qurib qolar, guli ham to`kilar.

25 Ammo Xudovand kalomi abadiy turar”. Ana shu kalom – sizlarga yetib kelgan Injil Xushxabaridir.


2-bob

1 Buning uchun har qanday yomon niyat, hiyla-nayrang, har turli ikkiyuzlamachilik, rashk-hasad, g`iybatchilikni bir chetga surib qo`yinglar.

2 Yangi tug`ilgan chaqaloq sof ona sutini tusaganday, Xudo kalOmini orzu qilinglar, toki u kalom bilan oziqlanib, o`sib borib, najotga erishinglar.

3 Chunki siz Rabbimizning iltifotini tatib ko`rdingizlar

4 Insonlar keraksiz deb tashlagan, lekin Xudo qimmatbaho deb tanlagan tirik tosh – Rabbimiz Iso Masihga yaqinlashinglar.

5 O`zlaringiz ham tirik tosh bo`lib ruhiy bino barpo etinglar. Iso Masih orqali Xudoga maqbul, ruhiy qurbonlik keltiradigan muqaddas ruhoniy bo`linglar.

6 Mana, Tavrotda Xudo shunday degan: “Men Sionda bir tosh o`rnatgayman, mumtoz, qimmatbaho peshtoq toshi bu. Unga ishongan kishi xijolat bo`lmas”.

7 Siz ishonuvchilar uchun bu tosh qimmatbahodir. Ammo imonsizlarga shu oyat to`g`ri keladi: “Quruvchilar keraksiz deb tashlagan tosh naq binoning peshtoqidan joy oldi,

8 to`siq toshiyu, vasvasa qoyasi bo`ldi”. Imonsizlar Xudoning kalomiga itoat qilmaganlari uchun, qoqinadilar. Ular ana shu qismatga mahkum bo`lganlar.

9 Ammo sizlar – tanlangan bir avlod, Shohanshoh ruhoniylari, muqaddas xalq, Xudoning aziz qavmisizlar. Xudo sizlarni qorong`ilikdan O`zining ajoyib nuriga da`vat etgan, sizlar Uning fazl-kamolotidan xabar berish uchun tayinlangansizlar.

10 Bir vaqtlar xalq emas edingizlar, endi esa Xudoning xalqisizlar. Bir vaqtlar marhamat topmagan edingizlar, endi esa Xudoning marhamatiga noil bo`ldingizlar.

11 Ey sevganlarim, sizlardan o`tinib so`rayman, jonga qarshi kurashadigan nafs ehtiroslaridan saqlaninglar. Chunki siz bu dunyoda g`aribu musofirsizlar.

12 Majusiylar orasida xatti-harakatingiz benuqson bo`lsin. Ular ezgu ishlaringizni ko`rib turib, sizlarni yomonlikda ayblab g`iybat qilsalar ham, mahshar kuni Xudo oldida javob beradilar.

13 Rabbingiz haqi har xil insoniy tartib-intizomga bo`ysuninglar; xoh oliy hokim bo`lgan podshohga,

14 xoh podshoh o`rnida yomonlik qilganlarni jazolovchi va yaxshilik qilganlarni taqdirlovchi hokimga bo`ysuninglar.

15 Chunki Xudoning irodasi shuki, yaxshilik qilish bilan aqlsiz va johil odamlarning og`ziga urasizlar.

16 Ozod odamlardek yashanglar, ammo ozodlik niqobi ostida yomonlik qilmanglar. Xudoning qullariday bo`lib yuringlar.

17 Hamma odamlarni hurmat qilinglar. Imonli birodarlaringizni sevinglar. Xudodan qo`rqinglar. Podshohni ehtirom qilinglar.

18 Ey xizmatkorlar, faqat yumshoq va xushfe`l xo`jayinlargagina emas, balki fe`li-xo`yi ters bo`lganlariga ham kamoli ehtirom bilan itoat qilinglar.

19 Agar biror kishi Xudoga ishonganidan vijdonan azob chekib, nohaq g`am-g`ussaga chidasa, bu Xudoning inoyatidan dalolat beradi.

20 Agar qilgan gunohingiz uchun tayoq yeyishga chidasangiz, bu sizga qanday sharaf keltiradi? Ammo yaxshilik qilib, azobga chidasangiz, Xudo bundan rozi bo`ladi.

21 Xudo sizlarni ana shu maqsadda da`vat etgan. Masih ham: “Mening izimdan yuringlar”, deb sizlar uchun azob chekib namuna bo`ldi. Tavrotda U haqda yozilganidek:

22 “U hech qanday gunoh qilmagan, og`zidan biron egri so`z ham chiqmagan”.

23 Masih haqorat qilinganda hech kimga haqorat bilan javob qaytarmas edi, azob chekkanda esa hech kimga tahdid qilmas edi. Faqat odilona hukmlovchi Xudoga O`zini topshirar edi.

24 Biz gunoh qarshisida o`lib, endi solihlik bilan yashashimiz uchun, U xochda gunohlarimizni O`z badaniga singdirdi. Uning yaralaridan siz shifo topdingizlar.

25 Ilgari cho`ponsiz adashib yurgan qo`ylarga o`xshar edingizlar, endi esa jonlaringizning Cho`ponu Posboniga qaytib keldingizlar.


3-bob

1-2 Masihdan ibrat olib, siz, xotinlar ham o`z erlaringizga bo`ysuninglar. Xudo kalomiga ishonmaydigan ba`zi kishilar siz, ayollarning or-nomusli, pokdomon xulq-atvoringizni ko`rib, imon haqida biron so`z aytilmasdanoq qoyil qolsinlar.

3 Sizning jozibangiz o`rilgan sochlar, taqilgan oltinlar, chiroyli kiyimlar kabi tashqi zeb-ziynatdan iborat bo`lmasin.

4 Ammo yashirin qalbingizdagi yuvosh va sokin ruh sizlarning so`lmaydigan ichki go`zalligingiz bo`lsin. Buning Xudo oldida qadri azizdir.

5 O`tmish vaqtlarda Xudoga umid bog`lagan muqaddas xotinlar ham o`zlarini shu yo`sinda bezab, erlariga bo`ysunar edilar.

6 Masalan, Soro bibi Ibrohimni janobim deb atab, uning so`ziga quloq soldi. Agar sizlar yaxshilik qilishda qunt qilib, hech qanday qo`rquvdan g`ulg`ulaga tushmasangiz, Soro bibining farzandlari hisoblanasizlar.

7 Shunga o`xshab, siz, erlar ham xotinlaringiz zaif jinsdan ekanligini hisobga olib, ular bilan oqilona munosabatda bo`linglar. Ular ham abadiy hayot inoyatidan bahramand bo`lgani uchun, ularni hurmatga sazovor hisoblang va ibodatlaringizga xalal bermanglar.

8 Xullas, o`zaro hamfikr, hamdard bo`linglar, bir-biringizni birodarlarcha sevinglar. Bir-biringizga mehr-shafqatli va kamtar bo`linglar.

9 Yomonlikka yomonlik, haqoratga haqorat bilan javob qaytarmanglar. Aksincha, duoyi xayr qilinglar, chunki o`zlaringiz ham xayr-baraka olish uchun da`vat etilgansizlar.

10 Zaburda yozilishicha: “Kimki uzoq umr ko`rishni sevib, yaxshi kunlar kelishini xohlasa, u tilini yomon so`zdan tutsin, og`zini egri gapdan tiysin.

11 Yomonlikdan qochib, yaxshilik qilsin. Tinchlikni qidirib, uning payidan bo`lsin.

12 Chunki Xudovandning ko`zi solihlardadir. Solihlar fig`oniga U quloq solar, badkirdorlardan esa yuz o`girar”.

13 Agar yaxshilik qilishga bel bog`lasangiz, sizlarga kim ozor berar edi?

14 Hattoki haqiqat yo`lida azob-uqubat cheksangiz, baxtiyor bo`lasizlar. Do`q-po`pisa qiluvchilardan qo`rqmanglar, dovdiramanglar.

15 Rabbingiz Masihga yuraklaringizdan muqaddas joy beringlar. Dilingizdagi umid haqida sizdan har bir so`ragan kishiga javob berishga doimo tayyor bo`linglar.

16 Lekin buni muloyimlik va ehtirom bilan bajo qilinglar, vijdoningizni toza tutinglar. Shunday qilib, Masih yo`lidagi yaxshi yurish-turishingizni mazammat qilganlar sizlarni yomonlab aytgan gaplaridan uyalsinlar.

17 Agar Xudoning irodasi bilan azob chekishingiz lozim bo`lsa, yomonlik qilib azob chekishdan ko`ra, yaxshilik qilib azob chekish afzaldir.

18 Chunki Masih ham bizni Xudoga yaqinlashtirish va gunohlarimizni yuvish uchun bir marta azob chekib, o`ldi. O`zi solih kishi bo`lgani holda, gunohkorlar uchun qurbon bo`ldi. Uning badanini o`ldirishgan bo`lsa-da, Ruhi tirildi.

19 Masihning Ruhi esa borib, zindonga qamalgan ruhlarga va`z aytdi.

20 Bular qadim zamonda, Nuh payg`ambar o`z kemasini qurayotgan zamonda Xudoning sabrini inobatga olmay, itoatsiz bo`lgan edilar. O`sha kemadan oz kishi, ya`ni sakkiz jongina suvdan o`tib qutulgan edilar.

21 Mana shu suv – hozirgi suvda imon keltirish marosimining timsolidir. Bu marosimning ma`nosi badanni kirdan tozalash emas, balki Xudodan pok vijdonni so`rashdir. Sizlar ham suvga cho`mib imon keltirganingizda, Iso Masihning tirilishi tufayli najot topdingizlar.

22 Masih esa osmonga chiqib, Xudoning o`ng tomonida o`tirib, farishtalar va koinotdagi barcha kuch-qudratlar ustidan hokimiyat o`rnatdi.


4-bob

1 Masih biz uchun jisman azob chekib, o`ldi. Sizlar bundan o`rnak olinglar. Chunki jisman azob chekkan kishi boshqa gunoh qilishni bas qiladi.

2 Endi bu badanda yashash uchun qolgan vaqtingizni boshqa odamlarday nafsingizni o`ylab emas, balki Xudoning irodasini o`ylab o`tkazinglar.

3 Sizlar o`tmishda majusiylarga yoqib yashaganligingiz endi yetar. O`sha vaqtlarda fisq-fujur, shahvatparastlik, sarxushlik, aysh-ishratlar, kayf-safolar hamda butparastlik razolati bilan kun kechirgansizlar.

4 Endi esa ular kabi yurmayapsizlar, ularning shaloqliklari seliga o`zlaringizni tashlamayapsizlar. Majusiylar bundan hayron bo`lib, sizlarni yomonlamoqdalar.

5 Ular tirigu o`liklarni hukm etishga tayyor bo`lgan Xudoga hisob beradilar.

6 O`liklarga kelsak, ular hamma odamzod qatori o`lib, badanlari jazolandi. Ammo ularning ruhi Xudoga muvofiq yashasin deb, Injil Xushxabari o`liklarga ham yetkazildi.

7 Endi borliq mavjudot oxirlab qoldi. Shuning uchun aql bilan ish tutinglar, ibodat qilish uchun hushyor bo`linglar.

8 Avvalo bir-biringizni ixlos bilan sevinglar. Chunki sevgi ko`p gunohlarni yuvadi.

9 O`zaro zorlanmay mehmondo`stlik qilinglar.

10 Xudo sizlarga har turli qobiliyat bergan. Har biringiz shu qobiliyatingizni ishga solib, bir-biringizga xizmat qilinglar, Xudoning boy ehsonlarini parvarish qiluvchilar kabi kun kechiringlar.

11 Kim so`zlasa, Xudoning so`zlari qilib aytsin. Kim xizmat qilsa, Xudo bergan kuch bilan xizmat qilsin. Shunday qilib, Iso Masih orqali Xudo har bir ish va so`zda ulug`lansin. Abadiy ulug`vorlik va saltanat Unikidir. Omin.

12 Ey sevganlarim, sizlarni sinash uchun boshingizga kelayotgan otashli imtihonni ajib voqea deb, hayron bo`lmanglar.

13 Aksincha, Masihning qancha azoblariga sherik bo`layotgan bo`lsangiz, shuncha xursand bo`linglar! Shunda U shon-sharaf ila osmondan tushib zohir bo`lgach, ko`nglingiz yana ko`proq quvonchlarga to`ladi.

14 Agar Masih nomi tufayli sizlarni haqorat qilishsa, baxtiyorsizlar! Chunki Xudoning Ruhi, shon-sharaf Ruhi sizlarda maskan qiladi. [Ularga qolsa, Ruhni haqorat qiladilar, sizlarda esa sharaflanadi.]

15 Sizlardan hech kim qotil, o`g`ri, yomonlik qiluvchi yoki fitna-fasodchi bo`lib azob chekmasin.

16 Lekin agar biror kishi Masihiy bo`lgani uchun azob cheksa, uyalmasin, aksincha, bu nom bilan Xudoni ulug`lasin.

17 Xudoning O`z xonadonini hukm qilish vaqti allaqachon boshlandi. Agarda biz birinchi navbatda hukm qilinadigan bo`lsak, unda Xudoning Injiliga itoatsizlik qilganlarning oxirati nima bo`ladi? Sulaymon matallarida yozilishicha:

18 “Agar solih odam zo`rg`a qutulsa, betavfiqu gunohkorning ahvoli nima bo`ladi?”

19 Shunday qilib, Xudo irodasiga ko`ra azob chekayotganlar yaxshilik qilishga bel bog`lasinlar va O`z so`ziga sodiq bo`lgan Parvardigorga jonlarini bag`ishlasinlar.


5-bob

1 Masih chekkan azob-uqubatlarning shohidi hamda Uning namoyon bo`lajak ulug`vorligining qatnashchisi sifatida o`zimday oqsoqollardan o`tinib so`rayman:

2 Nazoratingizdagi Xudoning suruvini yaxshi boqinglar. Bu ishni majburiy emas, balki Xudoga yoqadigan darajada ko`ngildan chiqarib qilinglar. Qabih g`arazgo`yliksiz, sidqidildan ish tutinglar.

3 Qo`lingiz ostidagi suruvga hukmronlik qilmasdan, yaxshi o`rnak ko`rsatinglar.

4 Ana shunda, Bosh Cho`pon osmondan namoyon bo`lganda, sizlar so`lmas, ulug` jamol tojiga sazovor bo`lasizlar.

5 Ey yoshlar, sizlar ham oqsoqollarga itoat qilinglar. Hammangiz bir-biringizga yumshoq muomalada bo`linglar. Chunki “Xudo mag`rurlarga qarshi, ammo kamtarlarga inoyatlidir”.

6 Shunday qilib, o`z vaqtida bizlarni yuksaltirsin deb, Xudoning qudratli qo`li ostida o`zingizni kamtar tutinglar.

7 Butun g`amlaringizni Xudoga tashlanglar, Uning O`zi sizlarga g`amxo`rlik qiladi.

8 Hushyor va bedor bo`linglar. Dushmaningiz iblis birovni yutib yuborish uchun izlab, sherday bo`kirib kezib yuribdi.

9 Dunyoning har yog`idagi birodarlaringiz xuddi shunday azoblarga duchor bo`layotganlarini bilib, mustahkam imon bilan iblisga qarshi turinglar.

10 Xudo har xil mehru inoyatning manbaidir. Iso Masih orqali U bizni O`zining abadiy, ulug`vor jannatiga da`vat etgan. Qisqa bir muddat azob chekkaningizdan keyin, O`zi sizlarni maqsadingizga erishtiradi, kuch-qudratli, sabotli va mustahkam qilib qo`yadi.

11 Shon-shuhrat va saltanat abadulabad Unikidir. Omin.

12 Bularni o`zimning fikrimcha ishonchli bo`lgan birodarimiz Silvan orqali sizlarga qisqacha yozib yubordim. Shu bilan sizlarga dalda berib, ta`kidlab aytmoqchimanki, bu azob-uqubatlar Xudoning haqiqiy inoyatidan dalolat beradi. Uning inoyatida sobit qolinglar.

13 Xudo o`zingiz kabi tanlagan Bobildagi Masih jamoati va o`g`lim Mark sizlarga salom yo`llamoqdalar.

14 Bir-biringizni muhabbat bilan o`pib salomlashinglar. Iso Masihga tegishli bo`lgan hammalaringizga tinchlik bo`lsin. Omin.