1 Azaldan bor bo`lgan Hayot Kalomi borasida biz eshitib tamosho qilgan, ko`zlarimiz ko`rgan, qo`llarimiz sezganini sizlarga ma`lum qilmoqdamiz.
2 Hayot zohir bo`ldi, Otaning huzuridagi abadiy Hayot bizga zohir bo`ldi. Biz Uni ko`rdik va shohid bo`lib sizlarga bildirmoqdamiz.
3 Sizlar biz bilan munosabatda bo`linglar, deb mana shu ko`rib eshitganlarimizdan sizlarni xabardor qilmoqdamiz. Biz esa Ota bilan va Uning O`g`li Iso Masih bilan munosabatdamiz.
4 Bularni sizlarning shodligingiz tugal bo`lishi uchun yozyapmiz.
5 Masihdan eshitib, sizlarga bildirayotgan xabarimiz shuki, Xudo – nur, Unda hech qanday qorong`ilik yo`q.
6 Agar U bilan aloqa qilamiz, deb qorong`ilikda yursak, yolg`on gapirib, haqiqatga xilof ish qilgan bo`lamiz.
7 Biroq Uning O`zi nurda bo`lgani kabi, biz ham nurda yursak, bir-birimiz bilan aloqa qilamiz va Uning O`g`li Isoning qoni bizni har qanday gunohdan pok qiladi.
8 Agar gunohimiz yo`q desak, o`z-o`zimizni aldagan bo`lamiz va ko`nglimizda haqiqat bo`lmaydi.
9 Agar gunohlarimizni e`tirof etsak, Xudo gunohlarimizdan o`tadi va bizni har turli nohaqlikdan forig` qiladi. Chunki U O`z so`zida sodiq va adolatlidir.
10 Agar gunoh qilganimiz yo`q desak, Xudoni yolg`onchi qilib qo`ygan bo`lamiz va qalbimizdan Uning kalomi joy olmaydi.
1 Ey farzandlarim, bularni shuning uchun yozyapmanki, sizlar gunoh qilmanglar. Bordiyu birortamiz gunoh qilib qo`ysak, Otaning oldida odil homiymiz – Iso Masih bor.
2 Uning O`zi yolg`iz bizning gunohlarimiznigina emas, balki butun dunyoning gunohlarini yuvish uchun qurbon bo`ldi.
3 Agar biz Uning amrlariga rioya qilsak, Uni bilib olganimizga amin bo`lamiz.
4 Uni bilaman deb turib, Uning amrlariga rioya qilmagan kishi yolg`onchi bo`ladi, unda haqiqat yo`q.
5 Kimki Masihning kalomiga rioya qilsa, u kishida Xudoning sevgisi haqiqatan kamolga yetgan bo`ladi. Biz Xudo bilan bir tan ekanimizni ana shundan bilib olamiz.
6 Xudo bilan bir tanman, degan kishi Masih yurganday yurmog`i shart.
7 Ey mahbublarim, sizlarga yangi amrni emas, balki o`zingiz dastlab qabul qilgan qadimgi amrni yozyapman. Qadimgi amr – sizlar eshitgan Xudo kalomi.
8 Shu bilan birga, yangi amrni yozyapman desam ham bo`ladi, zero qorong`ilik o`tib, haqiqiy nur hozirdan porlamoqda. Bu haqiqat Masihda ham, sizlarda ham ochiq ko`rinmoqda.
9 Kimiki nurda yuribman desa-yu, lekin birodaridan nafratlansa, u hali ham qorong`ilikdadir.
10 Kimki birodarini sevsa, u nur ichida yashaydi va yuqinishga yo`l bo`lmaydi.
11 Ammo birodaridan nafratlangan kishi qorong`ilikda bo`ladi. U qorong`ilikda yuradi-yu, qayerga borayotganini bilmaydi; chunki qorong`ilikda uning ko`zlari ko`r bo`lgan.
12 Ey farzandlarim, sizlarga yozyapman: Masih nomi tufayli gunohlaringiz kechirilgan.
13 Ey otalar, sizlarga yozyapman: azaldan bor Bo`lganni bildingizlar. Ey yigitlar, sizlarga yozyapman: yovuz shayton ustidan g`olib chiqdingiz. Ey bolalar, sizlarga yozyapman: sizlar Otamiz Xudoni tanib oldingiz.
14 Otalar, sizlarga yozdim: siz azaldan bor Bo`lganni tanib oldingiz. Yigitlar, sizlarga yozdim: sizlar baquvvatsizlar, Xudo kalOmini dilingizda saqlayotirsiz, yovuz shayton ustidan g`olib chiqdingizlar.
15 Dunyoga va undagi narsalarga muhabbat qo`ymanglar. Kim dunyoga muhabbat qo`ysa, uning qalbidan Otaning muhabbati joy olmaydi.
16 Chunki dunyoga xos har bir narsa – tana nafsi, hirsli ko`zlar, maishatga oid kibr-havo Otadan emas, balki dunyodandir.
17 Dunyo ham, uning nafsi ham o`tib ketadi. Lekin Xudoning irodasini bajo keltirgan abadiy yashaydi.
18 Ey farzandlarim, dunyoning so`nggi damlari keldi! Dajjol kelishini eshitgansizlar, hozirdanoq ko`p dajjollar paydo bo`ldi. Ana shundan biz so`nggi damlarni yashayotganimizni bilamiz.
19 Ular o`zimizning oramizdan chiqdilar, lekin ular bizga qarashli emas. Agar bizga qarashli bo`lganlarida edi, biz bilan qolgan bo`lar edilar. Ular bizdan ayrilib ketdilar, ma`lum bo`ldiki, hammasi ham bizga qarashli emas.
20 Sizlar hammasini bilasizlar, chunki siz tabarruk Masihning Ruhiga egasizlar.
21 Men buni, haqiqatni bilmaydilar, deb yozayotganim yo`q. Aksincha, sizlar haqiqatni bilasizlar, har qanday yolg`on haqiqatdan paydo bo`lmasligini bilasizlar.
22 Agar Isoning Masihligini inkor etuvchi yolg`onchi kim? Ota va O`g`ilni kim inkor etsa, dajjol o`shadir.
23 Kimda-kim O`g`ilni inkor etsa, unda Ota yo`q. Kimda-kim O`g`ilni tan olsa, unda Ota ham bor.
24 Sizlar azaldan eshitgan kalom dilingizda saqlansa, sizlar ham O`g`il, ham Ota bilan bir tan bo`lasizlar.
25 Masihning bizlarga bergan va`dasi ana shu, ya`ni abadiy hayotdir.
26 Bularni sizlarni yanglishtiradiganlar borligi uchun yozdim.
27 Holbuki, sizlar Masihning Ruhini qabul qilgansizlar. Uning Ruhiichingizda yashayotgani uchun, sizlarga hech kimning biror narsa o`rgatishiga ehtiyoj yo`q. Masihning Ruhi haqiqiy, soxta emas. U sizlarga hamma narsani o`rgatadi. Masih sizlarga o`rgatganidek, U bilan aloqada bo`lib yashanglar.
28 Ha, farzandlarim, endi Masih bilan aloqada bo`lib yashanglar, toki U olamga qaytib kelganda dadil bo`laylik, Uning oldida uyatga qolmaylik.
29 Agar Uning solih ekanligini bilar ekansizlar, shuni ham bilinglarki, to`g`ri ish qilgan har bir kishi Uning farzandidir.
1 Qaranglar, Otamiz bizni bolalarim deb, qanday buyuk bir muhabbat ko`rsatdi! Haqiqatan ham, biz Uning bolalarimiz. Dunyo Otamizni tanimagani uchun, bizni ham tanimayapti.
2 Ey mahbublarim, hozir biz Xudoning bolalari bo`lsak-da, kelajakda nima bo`lishimiz noaniq. Faqat shuni bilamizki, Iso Masih zohir bo`lganda, biz U singari bo`lamiz; U qanday bo`lsa, shunday holda ko`ramiz.
3 Masihga bunday umid bog`lagan har bir kishi o`zini poklaydi, chunki Masih pokdir.
4 Gunoh qiluvchi har bir kishi qonunbuzar bilan tengdir. Gunoh – qonunsizlik demakdir.
5 Masih esa gunohlarimizni aritish uchun paydo bo`lganini bilasizlar. Unda gunoh yo`q.
6 Masih bilan bir tan bo`lgan hech kimsa gunoh qilmaydi. Kim gunoh qilib yursa, Uni ko`rmagan ham, tanimagan ham.
7 Ey farzandlarim, hech kim sizlarni aldamasin. Masih qanday solih bo`lsa, to`g`ri ish qiluvchi kishi ham U singari solihdir.
8 Gunoh qiluvchi kishi esa iblis zotidir. Chunki dastlab iblis gunoh qilgan. Xudoning O`g`li esa iblisning ishlarini barbod qilmoq uchun paydo bo`ldi.
9 Xudodan tug`ilgan hech bir kishi gunoh qilmaydi, chunki Xudoning urug`i uning ichida qoladi. U Xudodan tug`ilgani uchun gunoh qila olmaydi.
10 Kimda-kim to`g`ri ish qilmasa, birodarini sevmasa, u Xudo zotidan emas. Xudoning bolalari ham, iblisning bolalari ham shundan bilinadi.
11 Boshda sizlar Masihdan eshitgan vasiyat shu: bir-birimizni sevaylik!
12 O`z ukasini qatl qilgan iblis zoti Qobilga o`xshamaylik. Qobil ukasini nima uchun o`ldirdi? Chunki uning ishlari qabih, ukasining ishlari esa solih edi.
13 Ey birodarlarim, agar dunyo sizdan nafratlanayotgan bo`lsa, hayratlanmanglar.
14 Biz o`lim holatidan hayotga o`tganimizni bilamiz, chunki biz birodarlarimizni sevamiz. Kimki birodarini sevmasa, o`lim holatida qoladi.
15 Birodaridan nafratlangan har qanday kishi qotildir. Hech bir qotil esa abadiy hayotga ega bo`lmasligini bilasizlar.
16 Masih bizlar uchun jonini fido qildi, ana shundan biz muhabbatni bildik. Biz ham birodarlarimiz uchun jonimizni berishga burchlimiz.
17 Agar biror kishi farovon hayot kechirayotgan bo`lsa-yu, birodarini muhtojlik holatida ko`rib turib, ko`nglini tosh qilsa, qanday qilib u odamda Xudoning sevgisi joy oladi?
18 Ey farzandlarim, biz so`z yoki til bilangina emas, balki amalda va haqiqatda sevishimiz lozim.
19 Shu tariqa biz haqiqat ahli ekanimizga ishonch hosil qilamiz va Xudo oldida ko`nglimiz xotirjam bo`ladi.
20 Agarda ko`nglimiz bizni ayblasa, Xudo ko`nglimizdan ulug` ekanini bilamiz. Chunki U hamma narsani aniq biladi.
21 Ey mahbublarim, agar vijdonimiz bizni qiynamasa, Xudo oldida dadil bo`lamiz
22 va Undan nimaiki so`rasak, U beradi. Chunki biz Uning amrlarini bajo keltirib, Unga maqbul bo`lgan ishlarni qilayotirmiz.
23 Ilohiy amr – Xudoning O`g`li Iso Masihga ishonishdan va xuddi Iso Masih buyurganidek, bir-birimizni sevishdan iborat.
24 Kim Xudoning amrlarini bajo keltirsa, u Xudo bilan bir tan, Xudo ham u bilan bir tan bo`ladi. Xudo vujudimizda yashayotganini shundan bilamizki, U bizga O`z Ruhini berdi.
1 Ey mahbublarim, har qanday ruhga inonavermangiz. Xudodan bo`lgan-bo`lmaganligini bilish uchun ruhlarni sinovdan o`tkazingiz. Chunki dunyoda ko`pgina soxta payg`ambarlar paydo bo`lgan.
2 Odam vujudi bilan dunyoga kelgan Iso Masihni tan oluvchi har bir ruh Xudodandir. Xudoning Ruhini shundan taniysizlar.
3 [Odam vujudi bilan dunyoga kelgan] Iso Masihni tan olmovchi har qanday ruh Xudodan emas. Bu – dajjolning ruhi. Dajjol kelishini sizlar eshitgan edingizlar. Mana, hozirdan u dunyodadir.
4 Ey farzandlarim, sizlar Xudodansizlar va soxta payg`ambarlarni yengdingizlar. Chunki ichingizdagi Ruh dunyoda hukm surayotgan ruhdan ustundir.
5 Ular bu dunyodan, ularning gapi ham bu dunyoga oid, shuning uchun dunyo ularni tinglaydi.
6 Bizlar esa Xudodanmiz, kim Xudoni tanisa, u bizni tinglaydi. Xudodan bo`lmagan bizni tinglamaydi. Ana shundan biz haqiqat ruhini va aldash ruhini taniymiz.
7 Ey mahbublarim, bir-birimizni sevaylik. Chunki sevgi Xudodandir. Har bir sevuvchi kishi Xudodan tug`ilgan va Xudoni taniydi.
8 Sevmaydigan kishi Xudoni tanigani yo`q. Chunki Xudoning O`zi sevgidir.
9 Xudo bizga bo`lgan muhabbatini ochiq ko`rsatdi: U yagona O`g`lini dunyoga yuborib, U orqali bizga hayot bag`ishladi.
10 Biz Xudoni sevmagan edik, U bizni sevdi va O`z O`g`lini gunohlarimizni yuvish uchun qurbonlik qilib yubordi. Ana, bu muhabbatdir!
11 Ey mahbublarim, Xudo bizni shunday sevganiga yarasha, bizlar ham bir-birimizni sevishimiz qarzdir.
12 Hech kim hech qachon Xudoni ko`rgan emas. Agar bir-birimizni sevsak, Xudo bizning ichimizda qoladi va Uning muhabbati bizda kamol topadi.
13 Uning bizga bergan Ruhi orqali bilamizki, Xudo biz bilan, biz Xudo bilan bir tanmiz.
14 Ota O`z O`g`lini dunyoning Xaloskori qilib yubordi, buni biz ko`rdik va guvohlik beramiz.
15 Agar kim Isoni Xudoning O`g`li deb tan olsa, Xudo u bilan, u Xudo bilan bir tan bo`lib yashaydi.
16 Xudo bizga naqadar muhabbat qo`yganini bilamiz va bunga imonimiz komil. Xudo sevgidir. Sevgini diliga jo qilgan kishi Xudo bilan bir tan bo`lib yashaydi, Xudo ham uning vujudida yashaydi.
17 Shu tariqa sevgi dilimizda kamol topadi va qiyomatda so`roq bo`lganda dadil bo`lamiz. Chunki biz bu dunyoda Masih yashaganday yashaymiz.
18 Sevgida qo`rquv yo`q, aksincha, komil sevgi qo`rquvni quvib chiqaradi. Qo`rqoq kishida sevgi kamolotga yetmagan, chunki qo`rquv jazo tushunchas bilan bog`liqdir.
19 Biz Uni sevaylik, chunki avval U bizni sevdi.
20 Agar biror kishi “Xudoni sevaman” desa-yu, birodaridan nafratlansa, u yolg`onchidir. Ko`rib turgan birodarini sevmasa, ko`rmagan Xudoni qanday seva olar ekan?!
21 Kim Xudoni sevsa, birodarini ham sevmog`i lozim, degan amrni biz Masihdan olganmiz.
1 Iso Masihdir deb ishongan har bir kishi Xudodan tug`ilgan. Otani sevgan har bir kishi bolasini ham sevadi.
2 Agar Xudoni sevsak va Uning amrlariga amal qilsak, Uning bolalarini ham sevishimiz shaksizdir.
3 Xudoni sevish – Uning amrlarini bajo keltirish demakdir. Xudoning amrlari esa og`ir emas;
4 chunki Xudoning har bir farzandi dunyoni yengadi. Mana shu bizning imonimiz dunyo ustidan g`olib chiqdi.
5 Iso Xudoning O`g`li deb inongan kishidan boshqa kim ham dunyoni yenga olardi?!
6 Iso Masih suv va qon bilan keldi. U faqat suv bilan emas, sev va qon bilan keldi. Ruh esa U haqda guvohlik beradi, chunki Ruh haqiqatdir.
7 Shunday qilib [osmonda uchtasi guvohlik beradi: Ota, Kalom va Muqaddas Ruh. Bu uchovi bir.
8 Yerda ham] uchtasi guvohlik beradi: Ruh, suv va qon. Bu uchovi bir.
9 Garchi insonlarning guvohligini qabul qilsakda, ammo Xudoning guvohligi undan muhimroq, bu esa Xudoning O`z O`g`li haqida bergan guvohligidir.
10 Kim Xudoning O`g`liga inonsa, u o`z yuragida Xudoning guvohligiga egadir. Xudoga inonmagan, ya`ni Uning O`z O`g`li haqida bergan guvohligiga inonmagan kishi Xudoni yolg`onchi qilib qo`ygan bo`ladi.
11 Xudoning guvohligi shundan iboratki, Xudo bizlarga abadiy hayot berdi. Bu hayot esa Uning O`g`lida mujassamdir.
12 Kim Xudoning O`g`liga ega bo`lsa, hayotga egadir. Kim Xudoning O`g`liga ega bo`lmasa, hayotga ega emas.
13 Men bularni sizlar abadiy hayotga egaligingizni bilinglar, deb yozdim. Chunki sizlar Xudoning O`g`li nomiga imon keltirgansizlar.
14 Biz Xudo huzuriga dadillik bilan kiramiz, chunki bilamizki, Xudoning irodasiga ko`ra bir nima tilasak, U bizga quloq soladi.
15 Agar Xudo tilaklarimizni tinglayotganini bilsak, tilaklarimiz bajo bo`lganini ham bilamiz.
16 Agar biror kishi birodarining gunoh qilayotganini ko`rsayu, bu gunoh abadiy o`limga sabab bo`lmasa, u uchun ibodat qilsin. Uning ibodati tufayli birodariga hayot bag`ishlanadi. Men buni gunohi abadiy o`limga sabab bo`lmaydiganlar uchun aytyapman. Abadiy o`limga sabab bo`ladigan gunoh ham bor. Bunday gunoh uchun ibodat qiling, demayapman.
17 Har qanday yomonlik gunohdir, ammo hamma gunoh ham abadiy o`lim bilan tugamaydi.
18 Xudodan tug`ilgan har bir odam gunoh qilmasligini bilamiz. Xudoning O`g`li uni O`z panohida asraydi, yovuz shayton unga tegmaydi.
19 Bilamizki, bizlar Xudodanmiz, butun dunyo esa yovuz shaytonning hukmidadir.
20 Yana shuni bilamizki, Xudoning O`g`li kelib, Haqni tanishimiz uchun bizga aql-idrok berdi. Biz Haq bilan, Uning O`g`li Iso Masih bilan bir tanmiz. U Haq Taolo va abadiy hayotdir.
21 Ey farzandlarim, butlardan saqlaninglar. Omin.