1 Bu kitob Iso Masihning vahiysidir. Xudo tez orada yuz berishi muqarrar bo`lgan hodisotni O`z qullariga ko`rsatishi uchun Iso Masihga ushbu vahiyni berdi. U esa farishtasini yuborib, quli Yuhannoga buni bildirdi.
2 Yuhanno Xudoning kalomi va Iso Masihning shahodati, ya`ni ko`rgan narsalarining hammasi haqida guvohlik berdi.
3 Bu bashoratni o`qiyotgan va tinglayotganlar hamda bu yozganlarga amal qiluvchilar baxtiyordir. Chunki vaqt yaqin.
4 Men, Yuhanno, Asiya viloyatidagi yetti Masih jamoatiga yozyapman: hozir bor, azaldan bor bo`lgan, kelajakda bor bo`lg`usi Xudodan, Uning taxti oldida turgan yetti Ruhdan,
5 shuningdek, o`liklar ichidan birinchi bo`lib tirilgan, yer yuzi podshohlarining Shohanshohi bo`lgan ishonchli shohid – Iso Masihdan sizlarga inoyat va tinchlik bo`lsin. Iso Masih bizni ko`p sevdi. U O`z qonini to`kib, bizni gunohlarimizdan forig` qildi.
6 U bizni shohlar qildi, Otasi Xudo uchun ruhoniylar ham qildi. Abadiy shon-sharaf, mangu saltanat Unga xosdir. Omin.
7 Mana, U bulutlar bilan kelyapti! Har bir ko`z Uni ko`radi, Uning badanini teshganlar ham ko`radi, dunyoning jamiki qabilalari U tufayli fig`on chekadi. Ha, shunday bo`lgay! Omin.
8 “Men – Ibtido va Intihodirman”, - deydi Xudoyi Taolo, hozir bor, azaldan bor bo`lgan, kelajakda bor bo`lg`usi Sarvari koinot.
9 Men – Iso Masihning qayg`u-hasrati, saltanati va sabr-qanoatiga sizlar bilan sherik bo`lgan birodaringiz Yuhannoman. Xudoning kalomi tufayli va Iso Masih uchun shohidlik berganim sababli Patmos oroliga surgun qilingan edim.
10 Rabbimiz Isoning tirilishi qutlanadigan kunda men Ilohiy Ruhning ta`sirida qoldim. Birdaniga orqamdan karnay ovoziga o`xshash kuchli bir nido eshitdim: “[Men Ibtido va Intiho, Avvaliyu Oxiridirman.]
11 Ko`rganlaringni kitobga yozib bor va Asiyadagi yetti jamoatga – Efes, Izmir, Pergam, Tiyatira, Sardis, Filadelfiya va Laodikiya shaharlaridagi jamoatlarga yubor”.
12 Men bilan gaplashayotgan Kimsani ko`rish uchun o`girildim. Shunda yetti oltin shamdonni ko`rdim.
13 Shamdonlar o`rtasida bo`yi baravar uzun rido kiygan va ko`ksiga oltin kamar bog`lagan Inson O`g`liga o`xshash bir Kimsa ko`rindi.
14 Uning boshi, sochlari bamisli oq yung, qordek oppoq, ko`zlari esa otash alangasidek chaqnardi.
15 Uning oyoqlari ko`rada qizdirilgan yaltiroq misga o`xshardi, ovozi ko`p suvlarning shov-shuvini eslatardi.
16 O`ng qo`lida yetti yulduzni tutib turar, og`zidan o`tkir dudama qilich chiqazib turar edi. Uning yuzi kunning qizig`ida balqiydigan quyoshday balqib turardi.
17 Uni ko`rishim bilanoq, Uning oyoqlari ostiga jonsiz kabi yiqildim. U esa o`ng qo`lini ustimga qo`yib, shunday dedi: “Qo`rqma! Men Avvaliyu Oxiridirman.
18 Tirikman. O`lgan edim va mana, abadulabad tirikman. Omin. O`lim va tamug` ochqichlari Mendadir.
19 Shunday qilib, nimalar ko`rding, nimalar bo`lyapti, bundan so`ng nimalar yuz beradi, hammasini yozib bor.
20 O`ng qo`limda sen ko`rgan yetti yulduz va yetti oltin shamdon siriga kelsak, yetti yulduz – yetti jamoatning farishtalari, yetti shamdon esa – yetti jamoatdir”.
1 “Efesdagi jamoatning farishtasiga yoz: Yetti yulduzni o`ng qo`lida Tutguvchi, yettita oltin shamdon orasida Yuruvchi shunday deydi:
2 Sening ishlaring, mehnating, sabr-toqatingni bilaman. Havoriy bo`lmagan holda o`zlarini havoriy deb aytganlarni sinading va yolg`onini fosh qilding.
3 Ha, sabr-toqating bor. Mening nomim uchun ko`pni boshdan kechirding va charchamading.
4 Biroq senga bir e`tirozim borki, sen ilk muhabatingdan ayniding.
5 Endi qaerdan tushganingni esla! Tavba qil va avvalgi ishlaringni qilib yur. Aks holda, tavba qilmasang, qo`qqisdan sening yoningga kelib, shamdoningni joyidan siljitib yuboraman.
6 Lekin sendagi yaxshi fazilat shuki, sen nikolaychilarning ishlaridan nafratlanasan. Men ham ulardan nafratlanaman.
7 Ruhning jamoatlarga aytayotgan gaplarini qulog`i bor kishi eshitsin. G`olibga Xudoning jannatidagi hayot daraxti mevasidan yeyishni ehson etaman”.
8 “Izmirdagi jamoatning farishtasiga yoz: O`lgan bo`lib, tirilib Kelgan, Birinchi va Oxirgi shunday deydi:
9 Sening [ishlaring,] qayg`ularing, kambag`alligingni bilaman. Ammo holbuki, sen boysan! O`zlarini yahudiy deganlarning haqoratlarini ham bilaman. Ular yahudiy emas, balki shayton yig`inidirlar.
10 Boshga tushadigan azob-uqubatlardan hech qo`rqma. Mana, iblis sizlarni sinash uchun orangizdan ba`zilarni olib zindonga tashlaydi, o`n kungacha azob chekasizlar. O`limgacha sodiq qol, shunda Men senga hayot tojini beraman.
11 Ruhning jamoatlarga aytayotgan gaplarini qulog`i bor kishi eshitsin. G`olib kelgan ikkinchi o`limdan hech bir zarar ko`rmaydi”.
12 “Pergamdagi jamoatning farishtasiga yoz: O`tkir dudama qilich Sohibi shunday deydi:
13 [Sening ishlaringni bilaman.] shaytonning taxti bo`lgan joyda yashayotganlaringni bilaman. Mening nomimga ixlos qo`yding. Hatto orangizdagi sodiq shohidim Antipa shayton o`tirgan yerda shahid bo`lgan kunlarda ham sen Menga bo`lgan imoningdan qaytmading.
14 Lekin senga bir oz e`tirozim bor: orangizda Bal`om ta`limotini tutuvchilar bor. Bal`om Isroil o`g`illarini yo`ldan urish uchun Boloqni tashviq qilgan edi, Boloq esa ularni butga qurbon qilingan go`sht yeyishga va zinokorlik qilishga unatdi.
15 Shuningdek, sening ichingda nikolaychilar ta`limotini tutuvchilar ham bor.
16 Endi tavba qil! Aks holda men zudlik bilan oldingga borib, O`z og`zimdagi qilich bilan o`sha gunohkorlarga qarshi jang qilaman.
17 Ruhning jamoatlarga aytayotgan gaplarini qulog`i bor kishi eshitsin. G`olibga sirli manna va bir oq tosh beraman. Bu toshning ustiga yangi bir ism yozilganki, uni toshni olgan kishidan boshqa hech kim bilmaydi”.
18 “Tiyatiradagi jamoatning farishtasiga yoz: Ko`zlari otash alangasiday chaqnoq va oyoqlari yaltiroq misday porloq Xudoning O`g`li shunday deydi:
19 Sening ishlaring, sevging, imoning, fidoyiliging va sabringni bilaman. Oxirgi ishlaring avvalgisidan ko`proq ekanini ham bilaman.
20 Lekin senga bir e`tirozim bor: Izavel degan xotinga yo`l qo`yibsan. U o`zini payg`ambar deb, qullarimga zinokorlik etishni va butga qurbon qilingan narsani yeyishni targ`ib qilib, ularni to`g`ri yo`ldan ozdirmoqda.
21 Tavba qilishi uchun unga muhlat berdim, ammo u zinokorligidan tavba qilmoqchi emas.
22 Mana, Men uni xastalik to`shagiga yotqizaman. U bilan birga zino qilganlarni ham, bordiyu qilmishlaridan tavba qilmasalar, buyuk kulfatga duchor qilaman.
23 Uning farzandlariga o`lim urug`ini yog`diraman. Shunda butun jamoatlar Men ko`ngil va qalblarni sinab ko`rguvchi ekanimni bilib oladilar. Orangizdagi har bir kishini o`z qilmishiga yarasha taqdirlayman.
24 Tiyatirada qolgan va bu ta`limotga ergashmagan, go`yo “shaytonning teranliklari” deyilgan sirlarga bosh suqmagan boshqalarning hammasiga aytaman: sizlarga boshqa og`irlik solmayman.
25 Faqat Men kelgunimga qadar, sizda bor bo`lganni qattiq ushlanglar.
26 G`olib kelgan va oxirigacha Mening ishlarimga ergashganga xalqlar ustidan hukmronlik qilishni ato etaman.
27-28 Bu iqtidorni Menga Otam ato qilgan, Men esa uni shogirdimga ato etaman. U temir tayoq ila xalqlarga cho`ponlik qiladi, ular esa sopol idish singari sinib ketadi. Unga tong yulduzini ham ato qilaman.
29 Ruhning jamoatlarga aytayotgan gaplarini qulog`i bor kishi eshitsin”.
1 “Sardisdagi jamoatning farishtasiga yoz: Xudoning yetti Ruhiga va yetti yulduzga Molik shunday deydi: Sening ishlaringni bilaman. Sening go`yo tirik degan nOming bor, ammo o`liksan.
2 Bedor bo`l! O`lishga yuz tutmagan nimang qolgan bo`lsa, tuzatib qo`y. Sening ishlaring Xudoyim oldida tugal emasligini aniqladim.
3 Nima eshitgan va qabul qilgan bo`lsang, eslab amalga oshir va tavba qil. Agar bedor bo`lmasang, Men o`g`riday bosib kelaman, sen esa qaysi soatda seni bosib olishimni bilmaysan.
4 Biroq Sardisda o`z kiyimlarini bulg`atmagan bir necha odamlaring bor. Ular Men bilan birga oq kiyimda yuradilar, ular bunga loyiqdir.
5 Kimki g`olib kelsa, shunday oq kiyim kiyadi. Men uning nOmini hayot kitobidan o`chirmayman, Otam Xudo va Uning farishtalari oldida uning nOmini tan olaman.
6 Ruhning jamoatlarga aytayotgan gaplarini qulog`i bor kishi eshitsin”.
7 “Filadelfiyadagi jamoatning farishtasiga yoz: Muqaddas va Haq, Dovudning kalitiga Molik, ochganini hech kim bekita olmaydigan, bekitganini esa hech kim ocha olmaydigan Zot shunday deydi:
8 Sening ishlaringni bilaman. Mana, oldingdagi eshikni ochdim, uni hech kim bekita olmaydi. Senda kuch ko`p emas, ammo Mening so`zimni saqlading, nomimni inkor etmading.
9 Mana, shayton yig`inidan bo`lganlarni Men nima qilarkanman? Ular o`zlarini yolg`ondan yahudiy emaslar. Men ularni shunday ko`yga solamanki, kelib sening oyog`ingga sajda qiladilar, Men seni naqadar sevganimni bilib oladilar.
10 Sen Mening sabr qilish haqidagi amrimni bajo keltirding, shuning uchun Men yer yuzi bo`ylab yashovchilarni sinash uchun yuboriladigan vasvasa soatidan seni asrayman.
11 Men tezda kelaman. Qo`lingda nimang bo`lsa, mahkam tut, zinhor biror kimsa tojingni tortib olmasin.
12 G`olibni Men Xudoyimning ma`badida ustun qilaman, u boshqa u yerdan chiqmaydi. Uning peshanasiga Xudoyimning nOmini, shuningdek, Xudoyim oldidan, osmondan tushadigan Xudoyimning shahri – yangi Quddusning nOmini va o`zimning yangi nomimni ham yozaman.
13 Ruhning jamoatlarga aytayotgan gaplarini qulog`i bor kishi eshitsin”.
14 “Laodikiyadagi jamoatning farishtasiga yoz: Omin, ishonchli va haqiqiy Shohid, Xudo yaratganlarining Boshlig`i shunday deydi: ”
15 Sening ishlaringni bilaman, sen na sovuq va na issiqsan. O, qani edi yo sovuq, yo issiq bo`lsang!
16 Sen issiq ham, sovuq ham emas, balki iliq bo`lganing uchun seni og`zimdan chiqarib yuboraman.
17 Sen: “Boyman, boyib ketdim, hech narsadan kam-ko`stim yo`q”, - deysan-u, ammo ayanchli, achinarli, qashshoq, ko`r va yalang`och ekanligingni bilmaysan!
18 Senga maslahat beraman: boyishing uchun Mendan o`tda toblangan oltin, yalang`ochlik aybing ko`rinmasligi uchun oq kiyim, ko`rishing uchun ko`zga surtadigan malham sotib ol.
19 Men kimni sevsam, uning gunohini fosh qilaman va adabini beraman. Shunday ekan, g`ayratga kel va tavba qil.
20 Mana, Men eshik oldida turib taqillatyapman. Kimda-kim ovozimni eshitib eshikni ochsa, Men uning yoniga kiraman; Men u bilan, u Men bilan kechki ovqatni baham ko`ramiz.
21 G`olibga O`zim bilan birga taxtimda o`tirishni ato etaman. Chunki Men ham g`olib kelib, Otam bilan birga Uning taxtida o`tirdim.
22 Ruhning jamoatlarga aytayotgan gaplarini qulog`i bor kishi eshitsin”.
1 Shundan keyin bir qaragan edim, osmonda lang ochiq bir eshikni ko`rdim. Ilgari men bilan gaplashgan karnay sadosiga o`xshash o`sha ovoz yana eshitildi: “Bu yoqqa chiq, bundan keyin nima yuz berishini senga ko`rsataman”.
2 Shu payt men Ilohiy Ruhning ta`sirida qoldim. Bir qarasam, osmonda bir taxt – Arshi a`lo turar, unda bir Siymo o`tirar edi.
3 O`tirgan Siymo olmos va la`lga o`xshash yaltiroq edi. Arshi a`lo atrofida zumradnamo kamalak bor edi.
4 Tevarakda yana yigirma to`rtta taxt turar, bu taxtlarda boshlarida oltin toj va oq kiyim kiygan yigirma to`rt nafar oqsoqol o`tirar edi.
5 Arshi a`lodan chaqmoq chaqib, momaqaldiroqning guldiragan ovozi kelardi. Arshi a`lo oldida Xudoning yetti Ruhi bo`lgan yettita mash`al yonib turardi.
6 Arshi a`loning old qismida oynaga o`xshagan, billurday dengiz bor edi. Arshi a`loning o`rta qismi va atroflarida to`rtta jondor turar edi, ularning oldi va orqasi ko`zlar bilan qoplangan edi.
7 Birinchi jondor arslonga, ikkinchisi buzoqqa o`xshar edi, uchinchi jondorning yuzi odamsimon, to`rtinchisi esa uchayotgan burgutga o`xshar edi.
8 Bu to`rt jondorning har birining oltita qanoti bor edi. Ular ichin-tashin, har taraflama ko`z bilan qoplangan edi. Kechasiyu kunduzi ular tinmay shu so`zlarni takrorlaydi: “Azaldan bor bo`lgan, hozir bor, kelajakda ham bor bo`lg`usi Sarvari koinot, Tangri Taolo muqaddas, muqaddas, muqaddasdir!”
9 Jondorlar Arshi a`loda o`tirgan, to abad barhayot Siymoga izzat-ikrom va shukronalar qilishi bilan,
10 yigirma to`rt nafar oqsoqol taxtdagi to abad barhayot Siymo oldida yerga yaslanib, sajda qilib, tojlarini taxt oldiga tashlab, shunday deydilar:
11 “Yo Rabbimiz, yo Xudoyimiz! Sen shon-shuhrat, izzat-ikrom, kuch-qudratni egallashga loyiqsan. Zero Sen butun borliqni yaratding, hamma narsa Sening irodang ila vujudga keldi”.
1 Arshi a`loda o`tirgan Siymoning o`ng qo`lida ichi ham, tashi ham yozuvdan iborat, yettita muhr bilan muhrlangan bir kitob ko`rdim.
2 Kuchli bir farishta baland ovoz bilan: “Kitobni ochishga va uning muhrlarini yechishga kim loyiq?” – deya e`lon qilayotganini ko`rdim.
3 Biroq na osmonda, na yer yuzida, na yer ostida kitobni ocha oladigan yoki ichiga nazar sola oladigan biror kimsa yo`q edi.
4 Kitobni ochib o`qishga yoki hatto ichiga nazar solishga ham loyiq biror kimsa topilmaganligidan, men ko`p yig`ladim.
5 Shunda oqsoqollardan biri menga: “Yig`lama! – dedi. – Mana, Yahudo qabilasidan bo`lgan Arslon, Dovud zotidan bo`lgan G`olib kitobni ochib, yetti muhrni yechishga qodir”.
6 To`rt jondor va oqsoqollar qurshab olgan Arshi a`loning o`rtasida bo`g`izlangan kabi bir Qo`zi turganini ko`rdim. Qo`zining yetti shohi va yetti ko`zi bor edi; bular Xudoning yer yuziga yuborgan yetti Ruhdir.
7 Qo`zi kelib, Arshi a`loda o`tirgan Siymoning o`ng qo`lidan kitobni oldi.
8 U kitobni olganda, to`rt jondor va yigirma to`rt oqsoqol Qo`zining oldida yerga yuz tuban yiqilishdi. Har birining qo`lida bir chang va xushbo`y tutatqilarga to`la oltin kosalar bor edi. Xushbo`y tutatqilar – azizlarning duoyu ibodatlari demakdir.
9 Ular quyidagicha yangi qo`shiq aytishar edi: “Sen kitobni olishga, uning muhrlarini yechishga loyiqsan! Chunki Sen bo`g`izlangan eding, O`z qoning evaziga har bir qabila, til, xalq va millatdan Xudo uchun odamlarni qo`lga kiritding.
10 Bizni Xudoyimizga shohlar va ruhoniylar qilding, bizlar yer yuzida hukm surajakmiz”.
11 Keyin Arshi a`lo, jondorlar va oqsoqollarning atrofida ko`p farishtalarni ko`rdim, ularning ovozlarini eshitdim. Ularning sanog`iga yetib bo`lmas, ming-minglab, lak-lak edilar.
12 Ular baland ovoz bilan derdilar: “Bo`g`izlangan Qo`zi kuch-qudrat, boylik, donishmandlik, saltanat, shuhratu shavkat, hamdu sanolarga sazovordir!”.
13 Ko`kdayu yerdagi, yer ostidagi, dengiz yuzidagi va ichidagi har bir mahluqot, har bir mavjudotning shunday deganini eshitdim: “Arshi a`loda o`tirgan Xudo va Qo`zi abadulabad hamdu sanolar, shon-shuhratlar, izzat-ikrom va saltanatga sazovordir!”.
14 To`rt jondor: “Omin!” – dedilar. Yigirma to`rt oqsoqol esa yuz tuban yiqilib, [illalabad barhayot Bo`lganga] sajda qildilar.
1 Keyin men Qo`zining yetti muhrdan birini buzganini ko`rdim. O`sha paytda to`rt jondordan biri momaqaldiroqqa o`xshash ovoz bilan: “Chiqib qaragin!” – deganini eshitdim.
2 Men bir qarasam, bir oq otni, ustida kamalagi bor suvorini ko`rdim. Unga bir toj berildi. U g`oliblarcha yo`lga otlandi, yana g`alaba qozonishga chiqdi.
3 Qo`zi ikkinchi muhrni buzganda, ikkinchi jondor: “Chiqib qaragin!” – deganini eshitdim.
4 Shu payt boshqa jiyron ot chiqib qoldi. Otliqqa katta qilich – insonlar bir-birini zolimlarcha o`ldirish uchun dunyodan tinchlikni olish qudrati berildi.
5 Qo`zi uchinchi muhrni buzganda, uchinchi jondor: “Chiqib qaragin!” – deganini eshitdim. Bir qarasam, qora bir ot chiqayotganini ko`rdim. Otliqning qo`lida tarozi bor edi.
6 Men to`rt jondorning orasidan shunday bir ovoz eshitganday bo`ldim: “Bir tog`ora bug`doy bir kumush tangaga, uch tog`ora arpa bir kumush tangaga. Ammo zaytun yog`i va sharobga zarar yetkazma!”
7 Qo`zi to`rtinchi muhrni buzganda, “Chiqib qaragin!” degan to`rtinchi jondorning ovozini eshitdim.
8 Bir qarasam, bir saman ot chiqayotgan ekan. Otga mingan suvorining nomi O`lim edi. Tamug` uning ketidan kelayo1tgan edi. Ularga qilich bilan, qahatchilik va o`lat bilan, yerning vahshiy hayvonlari bilan odamlarni qirish uchun yerning to`rtdan bir qismi ustidan hokimlik berildi.
9 Qo`zi beshinchi muhrni buzganda, Xudoning kalomi va bergan shahodatlari tufayli shahid bo`lganlarning jonlarini qurbongoh poyasida ko`rdim.
10 Baland ovoz bilan faryod qilib shunday derdilar: “Ey muqaddas va haqqoniy Hukmdor, qachongacha hukm etmay va dunyoda yashayotganlardan qonimizning intiqOmini olmay turasan?”
11 Ularning har biriga oq libos berildi. O`zlari kabi o`ldiriladigan hamkor va birodarlari soni to`lmagunga qadar, qisqa bir muddat tinch qolishlari ularga aytildi.
12 Qo`zi oltinchi muhrni buzganda, qarasam, buyuk zilzila bo`layotganini ko`rdim. Quyosh xuddi qora xirqaga burkangandek qorong`ilashdi, oy esa laxta qonga aylandi.
13 Kuchli shamol anjir daraxtini silkitganda xom anjirlar yerga qanday to`kilsa, osmondagi yulduzlar ham xuddi shunday yer yuziga to`kildi.
14 Osmon daftarday o`ralib, yo`qolib ketdi. Har bir tog` va orol joyidan siljidi.
15 Dunyoning shog`lariyu mansabdorlari, boylari, mingboshilari, zo`ravonlari, erkinu tutqinlar – bari g`orlarga va tog`larning qoyalari orasiga yashirindilar.
16 Ular tog`u qoyalarga: “Ustimizga qulang, taxtda o`tirgan Siymodan va Qo`zining g`azabidan bizni asrang!
17 Uning buyuk qahr-g`azabi kuni keldi-ku! Unga kim bardosh bera oladi?!” – deb yolvorar edilar.
1 Shundan keyin yer yuzining to`rt burchagida turgan to`rt nafar farishtani ko`rdim. Yel esib, yerga ham, dengizga ham, biron daraxtga ham tegmasin deb, ular yer yuzining to`rt shamolini ushlab turar edilar.
2 So`ngra men barhayot Xudoning muhrini ushlab turgan, kunchiqardan chiqayotgan boshqa bir farishtani ko`rdim. U yerga va dengizga zarar yetkazish uchun qudrat olgan to`rtta farishtaga baland ovoz bilan xitob qildi:
3 “Xudoyimizning qullari peshanalariga muhr bosmagunimizcha, na yerga, na dengizga, na daraxtlarga biron zarar yetkazmanglar!”
4 Men muhrlangan kishilarning sonini eshitdim. Bani Isroil qabilalarining barchasidan yuz qirq to`rt ming kishi muhrlangan edi:
5 Yahudo qabilasidan o`n ikki ming kishi muhrlangan edi. Ruben qabilasidan o`n ikki ming, Gad qabilasidan o`n ikki ming,
6 Osher qabilasidan o`n ikki ming, Naftoli qabilasidan o`n ikki ming, Manashe qabilasidan o`n ikki ming,
7 Shim`o`n qabilasidan o`n ikki ming, Leviy qabilasidan o`n ikki ming, Issoxor qabilasidan o`n ikki ming,
8 Zavulun qabilasidan o`n ikki ming, Yusuf qabilasidan o`n ikki ming, Benyamin qabilasidan o`n ikki ming kishi muhrlangan edi.
9 Shundan keyin qarasam, har xil millatdan, barcha qabilalar, xalqlar va tillardan bo`lgan, uning hisobiga yetib bo`lmaydigan darajada ulkan bir olomon Arshi a`lo oldida, Qo`zining huzurida turardi. Hammasi oq libos kiyib, qo`llarida xurmo novdasini tutar edilar.
10 Ular baland ovoz bilan: “Najotkorlik taxtda o`tirgan Xudoyimizga va Qo`ziga xosdir!” – deb xitob qilishar edi.
11 Hamma farishtalar taxt, oqsoqollar va to`rt jondorning atrofida turar edilar. Taxtning oldida o`zlarini yuz tuban yerga tashlab, Xudoga sajda qilib, bunday aytishar edi:
12 “Omin! Hamdu sanolar, shon-shuhrat, donishmandlik, shukronayu sharaflar, qudrat va saltanat abadulabad bizning Xudoyimizga xosdir! Omin”.
13 Oqsoqollardan biri gap boshlab mendan so`radi: oq libos kiygan bu odamlar kim, ular qayerdan kelganlar?
14 Ey taqsir, buni siz bilasiz, - dedim men. U menga shunday aytdi: bular buyuk qayg`udan o`tib chiqqanlar. Liboslarini yuvib, Qo`zining qoni bilan oqartirganlar.
15 Shuning uchun ular Xudoning taxti oldida turadilar va Uning ma`badida kecha-kunduz xizmat qiladilar. Taxtda O`tirgan esa chodirini ularning ustiga quradi.
16 Ular boshqa och qolmaydilar ham, chanqamaydilar ham. Endi na quyosh, na biron-bir jazirama ularni qizitmaydi.
17 Chunki taxt o`rtasidagi Qo`zi ularni boqadi, obi hayot buloqlariga olib boradi. Xudo ularning ko`z yoshlarini butunlay artib yuboradi.
1 Qo`zi yettinchi muhrni buzganda, osmon yarim soatcha sukunatda qoldi.
2 Men Xudoning huzurida turgan yetti farishtani ko`rdim. Ularga yettita karnay berildi.
3 Boshqa bir farishta kelib, qurbongohning oldida turdi. Uning qo`lida xushbo`y tutatqilar tutatishga moslangan oltin idish bor edi. Arshi a`lo oldidagi oltin qurbongoh ustida bag`ishlasin deb, barcha azizlarning ibodatlari bilan qorishtirish uchun unga ko`p xushbo`y tutatqilar berildi.
4 Azizlarning ibodatlari bilan tutatqilarning tutuni farishtaning qo`lidan Xudoning oldiga ko`tarildi.
5 Farishta tutatqi tutayotgan idishni oldi-yu, uni qurbongohdagi otash bilan to`ldirib, yer yuziga uloqtirib yubordi. O`shanda gulduros sadolari yangrab, yashinlar chaqnab, zilzila boshlandi.
6 Keyin qo`llarida yetti karnay tutgan yetti farishta karnay chalishga chog`landilar.
7 Birinchi farishta karnay chaldi. Qon aralash do`l va otash paydo bo`ldi va yer yuziga yog`dirildi. Yerning uchdan biri, daraxtlarning uchdan biri va butun o`t-o`lanlar yonib ketdi.
8 Ikkinchi farishta karnay chaldi. Xuddi lovullab yonayotgan katta tog` dengizning ichiga otilganday bo`ldi va dengizning uchdan biri qonga aylandi.
9 Dengizdagi jonli mahluqlarning uchdan bir qismi o`ldi va kemalarning uchdan bir qismi nobud bo`ldi.
10 Uchinchi farishta karnay chaldi. Osmondan mash`al bo`lib yonayotgan ulkan bir yulduz daryolarning uchdan biriga, shuningdek, suv buloqlariga tushdi.
11 Bu yulduzning oti Erman edi. Suvlarning uchdan bir qismi ermanga aylandi, shunday taxirlashib ketgan suvdan ichib ko`p odamlar o`ldi.
12 To`rtinchi farishta karnay chaldi. Quyoshning uchdan biri, oyning uchdan biri va yulduzlarning uchdan biri zararlandi. Natijada ularning uchdan bir qismi qorong`ilashdi, kunduzning ham, tunning ham uchdan bir qismi yorug`siz qoldi.
13 Keyin qarasam, osmonning o`rtasida uchib borayotgan bir burgut baland ovoz bilan shunday deganini eshitdim: “Karnaylarini chaladigan boshqa uchta farishtaning karnay sadosidan yer yuzida yashayotganlarning holiga voy, voy, voy!”
1 Beshinchi farishta karnay chaldi. Osmondan yerga tushgan bir yulduzni ko`rdim. Unga tubsizlik qa`rining kaliti berilgan edi.
2 U tubsizlik qa`rining qulfini ochdi. Tubsizlik qa`ridan katta o`choqdan o`rlayotgan dudga o`xshash tutunlar chiqdi. Tubsizlik qa`ridan o`rlayotgan tutundan quyosh va havo qorong`ilashib ketdi.
3 Tutundan chigirtkalar chiqib, yer yuziga tarqaldi. Ularga er yuzidagi chayonlarning kuchiga o`xshash bir kuch berilgan edi.
4 Chigirtkalarga yer yuzidagi o`t-o`lanlarga ham, bironta ko`kalamzor yoki daraxtga ham tegmanglar, faqat peshanalarida Xudoning muhri bo`lmagan odamlargagina zarar yetkazinglar, deb buyurildi.
5 Chigirtkalarga odamlarni o`ldirishga emas, faqat ularga besh oy azob berishga ruxsat etildi. Ular bergan azob esa chayon insonni chaqqandagi azobday edi.
6 Bu hodisa sodir bo`ladigan kunlarda insonlar o`limni izlaydilar, ammo uni topa olmaydilar. O`limni istab qoladilar, ammo o`lim ulardan qochadi.
7 Chigirtkalarning ko`rinishi jangga shaylangan otlarga o`xshar edi. Ularning boshida oltin tojga o`xshash buyumlar bor, yuzlari esa odamsimon edi.
8 Sochlari ayollar sochiga, tishlari esa arslon tishiga o`xshar edi.
9 Ko`kraklari xuddi temir zirhday, qanotlarining tovushi esa urushga yelib borayotgan tumonat otlaru jang aravalarining tovushini eslatar edi.
10 Chayonlarga o`xshash dumlari va nishlari bor edi. Insonlarga besh oy zarar yetkazish uchun olgan qudratlari o`sha dumlarida edi.
11 Ularning ustida tubsizlik qa`rining farishtasi hukmronlik qiladi. Bu farishtaning oti yahudiycha Abaddo`n, yunoncha Apollion demakdir.
12 Birinchi “voy” o`tdi, mana bundan keyin yana ikkita “voy” bor.
13 Oltinchi farishta karnay chaldi. Xudo hzuridagi oltin qurbongohning to`rtta shoxi tomondan bir ovoz eshitdim.
14 Bu ovoz qo`lida karnay bo`lgan oltinchi farishtaga: “Buyuk Frot daryosi bo`yida bog`lab qo`yilgan to`rt farishtani yechib yubor!” – dedi.
15 Insonlarning uchdan birini o`ldirsin deb, o`sha soat, o`sha kun, o`sha oy va o`sha yil uchun hozir turgan to`rtta farishta bo`shatib yuborildi.
16 Otliq qo`shinlar soni ikki yuz million edi, men ularning sonini eshitdim.
17 Men vahiyda otlar bilan suvorilarni bunday holatda ko`rdim: ularning olov, lojuvard va oltingugurt rangli zirhlari bor edi. Otlarning boshi arslon boshiga o`xshar, og`izlaridan olov, tutun va oltingugurt chiqib turar edi.
18 Insoniyatning uchdan biri bu uch balodan – otlar og`zidan chiqvayotgan olov, tutun va oltingugurtdan o`ldi.
19 Chunki otlarning kuchi og`zi va dumlaridadir. Dumlarida ilonga o`xshagan boshlari bor, bu boshlari bilan zarar yetkazadilar.
20 Bu balolardan omon qolgan insonlar esa o`z qilmishlaridan tavba qilmadilar. Jinlarga bsh egishdan, ko`rolmaydigan, eshitolmaydigan, yurolmaydigan oltin, kumush, mis, tosh va yog`och butlarga sajda qilishdan voz kechmadilar.
21 O`zlarining qotillik, jodugarlik, zinokorlik va o`g`riliklaridan ham tavba qilmadilar.
1 Men osmondan tushayotgan, bulutga burkangan kuchli boshqa bir farishtani ham ko`rdim. Uning boshi uzra kamalak bor edi. Yuzi quyoshday yaltirar, oyoqlari olov ustunlariday lovullab turar edi.
2 Uning qo`lida ochilgan bir kitobcha bor edi. U o`ng oyog`ini dengiz ustiga, chap oyog`ini esa yer yuziga qo`yganicha,
3 arslon bo`kirganday kuchli ovoz bilan hayqirdi. U hayqirgan mahalda yettita momaqaldiroq ham o`z tovushlari bilan gapga kirdi.
4 Yettita momaqaldiroq o`zicha gapira boshlaganda, men yozmoqchi bo`ldim. Lekin osmondan: yettita momaqaldiroqning gaplarini yozma, muhrlab sir saqla! – degan tovush eshitdim.
5 Dengiz va yer yuzida turgan, men ko`rgan farishta o`ng qo`lini osmonga ko`tardi.
6 Osmon va undagi borliqni, yer va ustidagi borliqni yaratgan, abadulabad barhayot bo`lgan Parvardigor haqi qasam ichib, farishta dedi: endi muhlat uzaymaydi.
7 Mana, yettinchi farishta karnay chalib ovoz beradigan kunlarda, Xudo O`z qullari – payg`ambarlarga ma`lum qilgan O`zining sirli murod-maqsadini butkul amalga oshirgay.
8 Osmondan eshitilgan ovoz menga yana gapirib: bor, dengiz va yer ustida turgan farishtaning qo`lidagi ochiq kitobchani ol, - dedi.
9 Men farishtaning yoniga borib: kitobchani menga bergil, - dedim. Farishta menga: kitobchani olib, uni yegin! Qorningda bir taxirlik hosil qiladi, ammo og`zing asalday shirin bo`ladi, - dedi.
10 Men kitobchani farishtaning qo`lidan olib yedim. Og`zim asaldek shirin bo`ldi. Ammo uni yeganimdan keyin qornim achishib ketdi.
11 So`ngra farishta menga: sen yana ko`p xalqlar, millatlar, tillar va podshohlar haqida bashorat qilishing kerak, - dedi.
1 Menga hassaga o`xshash bir qamish berilib, shunday deyildi: “Tur, Xudoning ma`badini va qurbongohni o`lchab chiq, unda sajda qiluvchilarni sanab chiq.”
2 Lekin ma`badning tashqarisidagi hovlini qoldir, uni o`lchama. Chunki u yer majusiylarga berilgan. Ular tabarruk shaharni qirq ikki oy oyoq osti qiladilar.
3 Men ikki shohidimga qudrat beraman, ular jul kiygan holda bir ming ikki yuz oltmish kun payg`ambarlik qiladilar”.
4 Bular dunyoning Rabbi oldida turajak ikkita zaytundaraxti va ikkita mash`aldir.
5 Agar kim ularga ozor bermoqchi bo`lsa, og`izlaridan o`t chiqib, dushmanlarini yeb bitiradi. Ularga ozor berishni istagan shunday o`ldirilishi kerak.
6 Ular payg`ambarlik qiladigan kunlarda yerga yomg`ir yog`masin, deb ko`k yuzini bog`lash qudratiga egadirlar. Ular suvni qonga aylantirish va yer yuzini istagan vaqtida turli baloyu ofatlarga yo`liqtirish qudratiga egadir.
7 Ular shahodat berib bo`lgandan keyin, tubsizlik qa`ridan chiqqan vahshiy hayvon ular bilan jang qiladi, ularni yengadi va o`ldiradi.
8 Ularning jasadlari buyuk shaharning maydoniga tashlanib qoladi. Bizning Rabbimiz ham o`sha shaharda xochga mixlangan edi, uning ramziy nomi Sado`m va Misrdir.
9 Barcha xalqlardan, qabilalardan, turli til va millatlardan bo`lgan odamlar uch yarim kun ularning jasadlariga ko`z olaytirib, dafn etishga ruxsat berishmaydi.
10 Yer yuzida yashayotganlarbundan sevinib xursandchilik qilishadi va bir-birlariga hadyalar yuborishadi. Chunki ikkala payg`ambar yer yuzida yashovchilarga ko`p azob bergan edilar.
11 Uch yarim kundan keyin ikki payg`ambarning vujudiga Xudodan hayot ruhi kirdi va ular oyoqqa turdilar. Ularni ko`rganlarga qattiq dahshat tushdi.
12 Ikki payg`ambar samodan kelgan baland bir ovozning: “Bu yoqqa chiqinglar!” – deganini eshitiboq, dushmanlarining ko`z o`ngida bulut ichida osmonga ko`tarilishdi.
13 O`sha zahoti shiddatli bir zilzila yuz berdi va shaharning o`ndan bir qismi quladi. Zilzilada yetti ming kishi nobud bo`ldi. Qolganlari esa dahshatda qolib, samodagi Xudoga hamdu sano aytishdi.
14 Ikkinchi “voy” o`tdi. Mana, uchinchi “voy” tez yaqinlashyapti.
15 Yettinchi farishta karnay chaldi. Osmonda baland ovozlar yangradi: “Bu dunyoning hukmronligi Xudovandimizga va Uning Masihiga o`tdi endi. U abadulabad hukmronlik qiladi”.
16 So`ng Xudoning huzurida taxtlarida o`tirgan yigirma to`rt nafar oqsoqol yuz tuban yerga tashlandilar va Xudoga sajda qilib dedilar:
17 “Yo Rabbiy, Tangri Taolo, har narsaga qodir Sarvari koinot! Hozir borsan, ilgari bo`lgansan. Kelajakda ham bor bo`lajaksan. Biz Senga shukrlar qilamiz. Sen buyuk qudratingni amalga oshirib, shoh o`rnini egallading.
18 Elu xalqlar g`azablangan edi, Sen ham g`azabga minding. Ana, o`liklarni hukm qilish vaqt-soati keldi, qullaring – payg`ambarlar va azizlaring hamda Sendan qo`rqqan kattayu kichiklarni o`z qilmishlariga yarasha taqdirlash vaqt-soati keldi, yer yuzini xarob qiluvchilarni xarob qilish vaqt-soati keldi!”
19 Keyin Xudoning osmondagi ma`badi ochildi. Ma`badda Uning Ahd Sandig`i ko`rindi. O`shanda chaqmoq chaqib, momaqaldiroq sadolari yangradi, zilzila boshlandi, shiddatli do`l yog`di.
1 Osmonda ajoyib bir alomat – quyoshga burkangan bir ayol paydo bo`ldi. Uning oyoqlari ostida oy va boshida o`n ikki yulduzli toj bor edi.
2 Ayol homilador bo`lib, uni to`lg`oq tutar, dard bilan baqirar edi.
3 So`ngra osmonda boshqa bir alomat ko`rindi: yetti boshli, o`nta shoxli, yetti boshiga yetti toj kiygan ulkan qizil ajdaho paydo bo`ldi.
4 U dumi bilan osmondagi yulduzlarning uchdan birini sidirib, yerga uloqtirdi. Keyin ajdaho tug`ayotgan ayolning chaqalog`ini yutib yuborish uchun uning oldida kutib turdi.
5 Ayol o`g`il tug`di. O`g`lon Xudoning huzuriga, Arshi a`loga keltirildi, chunki u barcha xalqlarni temir hassa bilan boqishi kerak.
6 Ayol esa cho`l tomon, Xudo maxsus hozirlagan joyga qochib ketdi. U yerda u bir ming ikki yuz oltmish kun boqilishi lozim.
7 Osmonda jang bo`ldi. Mikoil va uning farishtalari ajdahoga qarshi urishdilar. Ajdaho ham o`zining farishtalari bilan urushga tushdi.
8 Ammo ajdaho g`olib kelmadi. Osmonda ularga boshqa joy qolmadi.
9 Ulkan ajdaho – iblis va shayton deb atalgan, butun dunyoni aldab yo`ldan ozdirayotgan o`sha almisoq ilon o`z farishtalari bilan birga yer yuziga otildi.
10 O`shanda samodan baland ovoz bilan aytilgan bu so`zlarni eshitdim: “Endi Xudoyimiz najotkorligi, qudrati, saltanati hamda Uning Masihi hukmronligi o`rnatildi. Endi birodarlarimizning tuhmatchisi, Xudoyimiz huzurida ularga kecha-kunduz tuhmat qilayotgan iblis tashqariga otildi.”
11 Ular Qo`zining qoni sharofati bilan va O`zlarining shahodat kalomi bilan uni engdilar. Ular o`z jonlarini to o`lguncha sevmagan edilar.
12 Shodlaning, ey osmonu falak va unda yashovchilar! Ammo yer va dengizning holiga voy! Zero iblis vaqt oz qolganini bilib, mudhish qahr-g`azab ila sizning oldingizga tushdi”.
13 Ajdaho o`zining yer yuziga otilganini ko`rgach, o`g`il bola tuqqan ayolni ta`qib qila boshladi.
14 Ayol ilon oldidan cho`l tomon qochib ketdi, o`z joyiga uchib borishi uchun unga katta burgutning ikki qanoti berildi. O`sha yerda u uch yarim yil boqilishi lozim.
15 Ilon esa, uni sel oqib ketsin deb, ayolning ketidan quvib, og`zidan daryoday suv to`kdi.
16 Ammo yer xotinga yordam berdi; yer og`zini ochib, ajdaho quyib yuborgan daryoni yutib yubordi.
17 Ajdaho ayolga qarshi darg`azab bo`ldi. U ayol naslidan omon qolganlar bilan, ya`ni Xudoning amrini saqlagan va Iso Masihning shahodatiga sodiq qolganlar bilan jang qilgani chiqdi.
1 Men dengiz sohilidagi qumloq ustida turgan edim. To`satdan yetti boshli, o`nta shoxli bir hayvon dengizdan chiqayotganini ko`rib qoldim. Shoxlarida o`nta toji bor edi, boshlarida esa kufrona nomlar yozilgan edi.
2 Men ko`rgan hayvon qoplonga o`xshar edi. Oyoqlari ayiqning oyog`iga, og`zi esa arslonning og`ziga o`xshar edi. Ajdaho unga o`z qudrati, taxti va buyuk iqtidorini berdi.
3 Men hayvonning boshlaridan birini o`lar holatda yaralangan taxlitda ko`rdim. U o`lay deganda, yarasi sog`ayib qoldi. Shunda butun jahon hayvonning ketidan baqrayib, dong qotib qoldi, hayvonga bunday iqtidor bergan ajdahoga sajda qilishdi.
4 Odamlar: “Bu hayvonga o`xshagan yana kim bor ekan? U bilan kim urisha olar ekan?” – deb hayvonga ham sajda qilishdi.
5 Hayvonga takabburna va kufrona so`zlar ochadigan og`iz berildi, u qirq ikki oy davomida bu iqtidorini amalda ko`rsatdi.
6 Xudoga qarshi kufr aytish, Uning nomi va makoni hamda osmonda yashovchilarga qarshi kufrlar yog`dirish uchun hayvon og`zini ochdi.
7 Unga Xudo azizlari bilan urishish hamda ularni yengishga ruxsat berildi. Unga har bir qabila, xalq, til va millat ustidan hokimlik qilish iqtidori berildi.
8 Yer yuzida yashayotganlarning hammasi hayvonga sajda qilishadi, faqat dunyo yaratilganidan beri bo`g`izlangan Qo`zining hayot kitobiga ismi qayd bo`lganlar bundan istisnodir.
9 Qulog`i bor kishi quloq solsin!
10 Kimki asirlikka olib borsa, o`zi asirlikka tushar. Kimki qilichdan o`tkazsa, o`zi qilichdan o`tar. Bunda Xudo azizlarining sabru imoni darkor.
11 Bundan so`ng men yerdan chiqayotgan boshqa bir hayvonni ko`rdim. Qo`zi kabi ikkita shoxi bor edi va ajdaho kabi gapirardi.
12 U birinchi hayvonning butun iqtidori bilan uning oldida amal qilardi. Hayvon butun yer yuzini va unda yashovchilarni o`lar holatdagi yarasi sog`aygan birinchi hayvonga sajda qilishga majbur qildi.
13 U insonlar oldida hatto osmondan erga olov tushirishga qadar ajoyib mo``jizalar yaratdi.
14 Birinchi hayvon oldida qilishi uchun unga berilgan mo``jizakorlik qudrati bilan u yer yuzida yashayotganlarni aldab yo`ldan ozdirdi. U odamlarga qilichdan yaralanib, biroq sog` qolgan birinchi hayvonning tasvirini qilishni buyurdi.
15 Unga hayvonning tasviriga ruh kiritish uchun qudrat berildi. Hayvon tasviri tilga kirdi va o`ziga sajda qilmaganlarning hammasini o`ldirishni buyurdi.
16 U hammaning – kattayu kichikning, boyu kambag`alning, erkinu tutqinning o`ng qo`li yoki peshanasiga tamg`a bosilsin, deb farmon chiqardi.
17 Shunday qilib, kim hayvonning tamg`asi, ya`ni uning oti yoki otining soniga ega bo`lmasa, mutlaqo oldi-sotdi qilolmas edi.
18 Bunda hikmat bor. Aqli yetgan kishi hayvonning sonini hisoblab chiqsin, chunki bu son – insonning sonidir. Uning soni olti yuz oltmish oltidir.
1 Men qaradim-u, Sion tog`ida Qo`zi turganini ko`rdim. Qo`zi bilan birga peshanasida Uning va Otasining ismi yozilgan yuz qirq to`rt ming kishi bor edi.
2 Osmondan ko`p suvlarning shov-shuviday, gumburlagan momaqaldiroq tovushiday bir tovush yangrar edi. Men eshitgan bu tovush xuddi chang chalayotgan cholg`uchilar chiqaradigan sadoni eslatardi.
3 O`sha bir yuz qirq to`rt ming kishi Arshi a`lo oldida, to`rtta jondor va oqsoqollar oldida yangi bir kuy kuylar edilar. Yer yuzidan sotib olingan bu yuz qirq to`rt ming kishidan boshqa hech kim bu kuyni o`rgana olmas edi.
4 Bular o`zlarini xotinlar bilan bulg`atmagan mas`um kishilardir. Bular Qo`zi qayoqqa ketsa, Uning orqasidan ketgan kishilardir. Bular Xudo va Qo`ziga to`ng`ich bo`lgudek, insonlar orasidan sotib olinganlar.
5 Ularning tilida yolg`on-makr yo`q, [Xudoning taxti oldida] ular benuqsondir.
6 Shundan keyin osmon o`rtasidan uchib borayotgan boshqa bir farishtani ko`rdim. Bu farishta yer yuzida yashovchi har bir millat va qabilaga, har qanday til va xalqqa abadiy Mujda keltirayotgan edi.
7 U baland ovoz bilan shunday dedi: “Xudodan qo`rqing, Uni ulug`lang! Uning hukm qilish vaqt-soati keldi. Yeru ko`kni, dengizni, buloqlarni Yaratganga sajda qilinglar!”
8 Keyin boshqa bir farishta uchib kelib, shunday dedi: “Vayron bo`ldi! Vayron bo`ldi buyuk Bobil shahri! U barcha xalqlarga ichirgan edi o`zining qaynoq fahshu zino sharobidin”.
9 So`ngra uchinchi farishta uchib kelib, baland ovozda shunday dedi: kimki hayvonga va uning tasviriga sajda qilib, peshanasi yoki qo`liga tamg`a qabul qilsa,
10 u Xudoning qahr kosasida soflab tayyorlangan qaynoq g`azab sharobini ichadiyu, muqaddas farishtalar va Qo`zi oldida yonayotgan oltingugurt ichida azob chekadi.
11 Ular azobining dudi abadulabadburqirab turadi.Hayvon va uning tasviriga sajda qilib, hayvon nomli tamg`ani qabul qilganlar kechayu kunduz tinchlik ko`rmaydilar.
12 Bunga xudo amrini saqlagan va Isoga sodiq qolgan azizlarning sabr-toqati darkor.
13 Shunda osmondan menga gapirayotgan bir ovozni eshitdim: Buni yozib ol: bundan keyin Rabbimiz Iso ummati bo`lib dunyodan o`tganlar baxtlidir! Ha, - deydi Ruh, - ular o`z mehnatlaridan tinchisin, ularning qilgan ishlari o`zlariga hamrohdir.
14 Shundan keyin bir yorug` bulut ko`rdim. Bulut ustida Inson O`g`liga o`xshagan Siymo o`tiribdi; Uning boshida oltin toj va qo`lida o`tkir o`roq.
15 Ma`baddan boshqa bir farishta chiqib, bulut ustida O`tirganga baland ovoz bilan shunday dedi: “O`rog`ingni ishga solib o`r, chunki o`rim-yig`im vaqti keldi. Mana yerning hosili yetildi”.
16 Bulut ustida O`tirgan o`rog`ini yerga tashladi, yerning hosili ham o`rildi.
17 Osmondagi ma`baddan boshqa bir farishta chiqdi. Uning ham o`tkir o`rog`i bor edi.
18 Olovga hukmron yana boshqa bir farishta esa qurbongohdan chiqib keldi. U o`tkir o`roqli farishtaga shunday xitob qildi: “O`tkir o`rog`ingni ishga sol, yerdagi uzum boshlarini qirqib ol, chunki yerda uzum pishib shingil-shingil bo`ldi”.
19 Farishta o`rog`ini yerga tashladi, yerdagi uzum boshlarini terib, Xudoning katta qahr-g`azab charxiga uloqtirdi.
20 Charx shaharning tashqarisida ishga tushdi. Charxdan oqib chiqqan qon daryo bo`lib, bir ming olti yuz o`q otimi yergacha bordi va otlarning yuganlarigacha chiqdi.
1 Men osmonda odatdan tashqari ajoyib boshqa bir alomat ko`rdim: qo`lida oxirgi yetti balo bor yetti farishta. Ana shu balolar bilan Xudoning g`azabi tamom bo`ladi.
2 Men go`yo olov aralash oynadan yasalgan bir dengizni ham ko`rdim. Hayvonga, uning tasviri, [tamg`asi] hamda nOmining soniga qarshi g`alaba qozonganlar Xudoning changlarini qo`lga olib, shu oyna dengizning ustida turgan edilar.
3 Ular Xudo quli Musoning kuyini va Qo`zining kuyini kuylab, shunday derdilar: “Yo Rabbiy, Tangri Taolo, har narsaga qodir Sarvari koinot! Sening ishlaring buyuk va ajoyibdir. Ey elu xalqlar Podshohi! Sening yo`llaring to`g`ri va haqdir.
4 Ey Xudovandi karim! Kim cho`chimas ekan Sendan? Kim ulug`lamas ekan ismingni? Zero yolg`iz O`zing muqaddassan. Jamiki ellar huzuringga kelib, Senga bosh egib sajda qilgaylar. Barchaga ayon bo`ldi odil hukmlaring”.
5 Shundan so`ng qaradim-u, samodagi ma`bad, ya`ni Shahodat Chodiri ochilganini ko`rdim.
6 Yetti baloga hokim yetti farishta toza va porloq zig`ir mato kiygan va ko`ksiga oltin kamarlar bog`lagan holda ma`baddan chiqdilar.
7 To`rt jondordan biri yetti farishtaga abadulabad barhayot Xudoning g`azabi bilan to`liq yettita oltin kosa berdi.
8 Ma`bad Xudoning ulug`vorligi va qudratidan dud bilan to`lib ketdi. Yetti farishtaning yetti balosi tamom bo`lmaguncha, hech kim ma`badga kira olmadi.
1 Bundan keyin ma`baddan yetti farishtaga: “Boringlar, Xudoning g`azabi bilan to`lib-toshgan yetti kosani yerga to`kinglar”, - degan baland bir ovoz eshitdim.
2 Birinchi farishta borib kosasini yerga to`kdi. O`zida hayvonning tamg`asi bo`lgan va uning tasviriga sajda qilayotgan odamlarda og`ir, jirkanch yiringli yaralar paydo bo`ldi.
3 Ikkinchi farishta kosasini dengizga to`kdi. Dengiz o`likning qoniga o`xshash bir tus oldi va ichidagi butun jonivorlar o`ldi.
4 Uchinchi farishta kosasini daryolarga va buloqlarga to`kdi, bular ham qonga aylanib ketdi.
5 Suvlar farishtasining shunday deganini eshitdim: “Yo Rabbiy, Sen barhaqsan, hozir bor, azaldan boru muqaddassan. Sening hukming - odil hukm.
6 Aziz-muqaddaslar va payg`ambarlar qonini to`kkanlarga Sen qon ichirding, ular bunga loyiqdir”.
7 Qurbongoh ham tilga kirib, shunday deganini eshitdim: “Ha, Rabbiy, Tangri Taolo, har narsaga qodir Sarvari koinot! Sening hukmlaring odil va haqqoniydir”.
8 To`rtinchi farishta o`z kosasini quyosh ustiga to`kdi, quyoshga insonlarni o`tday yondirish qudrati berildi.
9 Jazirama issiq insonlarni qizdirganda, ular bu ofatlarga hukmi o`tadigan Xudo sha`niga hamdu sanolar emas, haqoratlar yog`dirdilar, qilmishlaridan tavba qilmadilar.
10 Beshinchi farishta kosasini hayvon taxtiga to`kib yubordi, hayvonning saltanati zimistonga chulg`anib qoldi. Odamlar azobdan tillarini tishladi.
11 Azob va yara-jarohatlaridan nolib, osmondagi Xudoni haqorat qildilar-u, qilmishlaridan tavba qilmadilar.
12 Oltinchi farishta kosasini buyuk Frot daryosi ustiga to`kdi. Kunchiqardan keladigan shohlarga yo`l ochilsin deb, daryoning suvi quridi.
13 Bundan keyin ajdaho, hayvon va soxta payg`ambarning og`izlaridan chiqayotgan qurbaqanamo uchta yovuz ruhni ko`rdim.
14 Bular ajoyibot yaratadigan jinlarning ruhidir. Ular har narsaga qodir Xudoning ulug` kunida bo`ladigan jangga barcha jahon shohlarini to`plash uchun chiqadmlar.
15 “Mana, Men o`g`ri kabi kelyapman! Baxtlidir hushyor tortgan kishi, yalang`och yurmayin, aybim ko`rinmasin deb kiyimini saqlab turgan kishi!”
16 Ruhlar shohlarini yahudiy tilida Hor-Magido`n deyilgan joyga to`pladilar. 17yYettichi farishta kosasini havoga to`kdi. Samoviy ma`baddagi taxtdan: “Amalga oshdi!” – degan baland bir ovoz chiqdi.
18 Shu vaqt yashinlar chaqnab, ovozlar yangrab, momaqaldiroq guldiradi. Shunday kuchli zilzila bo`ldiki, yer yuzida inson yashagandan beri bu qadar kuchli zilzila yuz bermagan edi.
19 Ulug` shahar uch bo`lakka bo`linib ketdi. Majusiylar shaharlari yer bilan yakson bo`ldi. Xudoning qaynoq qahr-g`azab sharobi bilan to`lgan kosa unga berilsin deb, buyuk bobil shahri ham Xudoning huzurida xotirlandi.
20 Har bir orol o`rnidan jildi, tog`lar ko`zdan g`oyib bo`ldi.
21 Osmondan har bir donasi botmon keladigan yirik do`l insonlar ustiga yog`ildi. Odamlar do`l balosidan Xudoni haqorat qilishardi, chunki bu balo haddan ziyod edi.
1 Yetti kosali yetti farishtadan biri kelib, menga shunday dedi: “Bu yoqqa kelgin, ko`p suvlar bo`yida o`tirgan buyuk fohishaga chiqarilgan hukmni senga ko`rsataman.
2 Yer yuzi shohlari u bilan fahsh qilardi, yer yuzida yashayotganlar uning zino sharobidan mast bo`lardilar”.
3 Bundan keyin farishta meni ilohiy ruh ta`sirida cho`lga olib keldi. U yerda yetti boshli, o`n shoxli, kufrona nomlar bilan to`lib-toshgan qip-qizil bir hayvon ustiga mingan xotinni ko`rdim.
4 Xotin qip-qizil, arg`uvon kiyimda, oltin, javohirot, marvaridlar bilan bezangan edi. Uning qo`lida iflosliklar bilan, zino haromliklari bilan to`lib-toshgan oltin kosa bor edi.
5 Xotinning peshonasida uning ismi yozilgan edi: “Sir: buyuk Bobil – yer yuzi fohishalari va haromliklari onasidir”.
6 Xotin Xudo azizlari qonidan, Iso shohidlari qonidan mast bo`lganini ko`rdim. Uni ko`rib, g`oyat darajada hayron bo`ldim.
7 Farishta menga dedi: “Nima uchun hayratga tushding? Men senga xotinning va uni ko`tarib yurgan yetti boshli, o`n shoxli hayvonning sirini aytib beraman.
8 Ana, sen ko`rgan hayvon bor edi, endi u yo`q. U ko`p o`tmay tubsizlik qa`ridan chiqib, halokatga yo`liqadi. Yer yuzida yashayotgan va dunyo yaratilgandan buyon hayot kitobiga yozilmagan barcha odamlar hayvonni ko`rib, hayron qoladilar. Chunki u bor edi, hozir yo`q, ammo yana keladi.
9 Buni anglamoq uchun o`tkir aqlu idrok darkor. Yetti bosh - xotin ustida o`tirgan yetti tog`dir.
10 Shu bilan birga yetti podshohdir. Bularning beshtasi mahv bo`ldi, bittasi qoldi, boshqasi esa hali kelgan emas; u kelganda ham ko`p vaqt turmaydi.
11 Ilgari bor, hozir yo`q hayvon esa yetti podshohdan biri bo`la turib, sakkizinchisidir, u halokatga yo`liqadi.
12 Sen ko`rgan o`nta shox – o`n podshoh demakdir. Ular hali saltanatni qo`lga olgan emas. Ular hayvon bilan birga podshoh bo`lib, bir soat hokimlik qiladilar.
13 Bular bir fikrda bo`lib, qudratni va saltanatni hayvonga topshiradilar.
14 Ular Qo`zi bilan jang qiladilar, ammo Qo`zi ularni yengib chiqadi. Chunki Qo`zi hokimlarning Hokimi – Shohanshohdir. U bilan birga bo`lganlar esa da`vat etilganlar, tanlanganlar, sodiq qolganlardir”.
15 Farishta menga yana shunday dedi: “Fohisha o`tirgan, sen ko`rgan suvlar – elu xalq, millatlar, elatlar va tillardir.
16 Sen ko`rgan hayvondagi o`nta shox fohishadan nafratlanadilar. Uni yalang`ochlab, barbod qiladilar, go`shtini burdalab yeydilar, o`zini esa o`tda yondiradilar.
17 Chunki Xudo O`zining irodasini bajarishni ularning diliga solgan. Shunday qilib, Xudoning kalomlari bajo kelmagunga qadar, ular bir jon, bir tan bo`lib, o`z hukmronliklarini hayvonga topshiradilar.
18 Sen ko`rgan xotin – yer yuzi podshohlari ustidan hukmronlik qiladigan buyuk shahardir”.
1 Bundan keyin ulug` saltanat sohibi boshqa bir farishtaning osmondan tushayotganini ko`rdim. Uning ulug`vorligidan yer yuzi yorishib ketdi.
2 U kuchli bir nido bilan bunday dedi: “Vayron bo`ldi! Vayron bo`ldi buyuk Bobil. U jinlarning makoni, har turli yomon ruhning panohi, har qanday murdoru manfur qushning panohi bo`ldi.
3 U barcha xalqlarga o`zining qaynoq fahshu zino sharobidan ichirgan edi. Yer yuzi podshohlari u bilan zinokorlik qilgan edi, yer yuzi savdogarlari uning safolaru dabdabalaridan boyib ketdilar”.
4 Shu payt osmondan boshqa bir ovozni eshitdim. U dediki: “Ey xalqim, undan chiqib keting! Sherik bo`lmang uning gunohlariga, duchor bo`lmang-da balolariga!
5 Ko`kkacha borib yetti-ku uning gunohi, Xudo esladi uning nohaqliklarini.
6 Bobil sizga qanday sazo bergan bo`lsa, siz ham unga shunday sazo bering! Qilmishiga yarasha unga ikki barobar sazo bering! O`zi tayyorlagan selavadan ikki barobar to`ldirib unga ichiring!
7 U naqadar kekkayib dabdaba surgan bo`lsa, unga shu qadar azob va g`am-g`ussa orttiring! U o`zicha: “Tul emas, men malikaman, g`am-g`ussa ham ko`rmayman”, - deb aytdiku.
8 Shu bois uning taqdiridagi baloyu ofatlar – o`lim, g`am-g`ussayu qahatchiliklar bir kunning o`zida qo`pajak. U o`tda yoqilib kul bo`lajak. Qudratlidir uni hukm qilguvchi Xudoyi Taolo”.
9 Bobil bilan zino qilib, kayf-safo surgan yer yuzi podshohlari undagi yong`in tutunini ko`rib, uning holiga bo`zlab yig`laydilar.
10 Bobilning azob-uqubati dahshatidan qo`rqib, uzoqda turib deydilar: “Voy, sening holingga voy! Ey buyuk shahar, mustahkam Bobil! Bir soatdayoq senga jazo keldi!”
11 Yer yuzi savdogarlari ham uning holiga yig`lab motam tutadilar. Chunki ularning mollarini endi hech kim sotib olmaydi.
12 Oltin, kumush, javohirot va marvaridlar; atlasu shoyi, arg`uvonu qirmizi gazlamalar; har turli xushbo`y yog`ochlar, fil suyagidan yasalgan har xil buyumlar; eng qimmatbaho yog`ochdan, misdan, temirdan va marmardan yasalgan turli buyumlar;
13 dolchin, atirlar, xushbo`y tutatqilar, moylar va smalalar, sharob, zaytun yog`i, sara un va bug`doylar; qoramol va qo`ylar, otlaru aravalar, shuningdek, odamlarning jonini ham, tanini ham sotib oladigan boshqa hech kim bo`lmaydi.
14 Sen jondan yaxshi ko`rgan mevalar qo`lingdan ketdi. Butun davlatu shavkating nom-nishonsiz yo`q bo`lib ketdi.
15 Bu mollar bilan savdo-sotiq qilib, boyib ketgan savdogarlar Bobilning azob-uqubat dahshatidan qo`rqib, uzoqda turganlaricha yig`lab, zorlab, deydilar:
16 “Ahvolingga voy, voy! Shoyi, atlas, qirmiza kiyimlar ila yasangan, oltin, javohirot, marvaridlar ila bezangan buyuk shahar!
17 Shunday boyliging bir soatdayoq yo`q bo`lib ketdi”. Har bir darg`a kemachi va kema yo`lovchisi, dengizda savdo-sotiq qiluvchilarning hammasi uzoqda turganlaricha,
18 shahardagi yong`indan o`rlayotgan dudga qarab: “Qanday shahar bu buyuk shaharga o`xshaydi?!” – deb faryod chekardilar.
19 Ular boshlariga kul sochib, faryod chekib, ingrab dod solardilar: “Voy holingga, voy, ey buyuk shahar! Dengizdagi kemalarga ega bo`lganlarning hammasi sening qimmatbaho mollaringdan boyigan edi. Endilikda u bir soatdayoq xarobaga aylandi!”
20 Shodlaning uning holiga, ey osmon, ey aziz-muqaddaslar, havoriylaru nabilar! Zero Xudo uni hukm qilib o`chingizni oldi.
21 Keyin kuchli bir farishta tegirmon toshiga o`xshash katta toshni ko`tarib dengizga uloqtirdi-da, shunday dedi: “Mana shunday shiddat-la qulab tushgusi Buyuk shahar Bobil! Endi u aslo qat ko`tarmas.
22 Changchilar, ashulachilar, naychiyu surnaychilar ovozi endi eshitilmas senda. Endi san`at ham, san`atkor ham sendan chiqmas. Tegirmon charxining tovushi ham aslo eshitilmagay senda.
23 Endi chiroq ham senga shu`la sochmas, kuyov bilan kelinning ovozi ham kelmagay sendan. Savdogarlaring yer yuzining katta a`yonlari edi”.
24 Payg`ambarlar, aziz-muqaddaslar va yer yuzida o`ldirilganlarning hammasining qoni Bobildan topildi.
1 Bundan keyin osmonda katta olomonning g`ala-g`ovuriga o`xshash baland ovozlar eshitdim: “Halleluya! Xudoyimizga tegishlidir najotkorlik, ulug`vorlik, kuch va qudrat.
2 Uning hukmi haq va to`g`ridir. Yer yuzini o`z zinosi bilan buzgan buyuk fohishani U hukm qildi, O`z qullarining xunini undan oldi”.
3 Ikkinchi marta dedilar: “Halleluya! Bobilning dudi abadulabad burqiragay”.
4 Shu payt yigirma to`rt nafar oqsoqol va to`rt jondor o`zlarini yerga tashlab: “Omin! Halleluya!” – deya taxtda o`tirgan Xudoga sajda qildilar.
5 Keyin taxtdan bir ovoz keldi: “Ey Xudoyimizning barcha qullari, Undan qo`rquvchi kattayu kichiklar, Unga hamdu sano aytinglar!”
6 So`ngra ko`p xaloyiq, shovullagan suvlar, gumburlagan momaqaldiroqqa o`xshash sadolar eshitdim. Ular shunday dedi: “Halleluya! Har narsaga qodir Xudoyimiz, Sarvari koinot Shoh o`rnini oldi.
7 Uning izzat-hurmatini bajo keltiraylik, sevinib xursand bo`laylik! Qo`zining nikoh soati yetdi, Uning kelini o`zini hozirladi”.
8 Kiyinish uchun kelinga pok, oppoq shoyi berildi. Shoyi – aziz-muqaddaslarning solihligidir.
9 So`ng farishta menga: yoz! – dedi, - Qo`zining nikoh oqshomiga chaqirilganlar baxtiyordir! Yana menga: bular Xudoning haq so`zlaridir, - dedi.
10 Men unga sajda qilish uchun oyoqlariga yiqildim. Lekin u menga shunday dedi: zinhor, bu ishni qilma! Men sening hamkoringman, shuningdek, Isoning shohidi bo`lgan hamma birodarlaringning hamkoriman. Xudoga sajda qil! Zero Isoga shohidlik payg`ambarlik ruhi bilan tengdir.
11 Bundan keyin osmon ochilib, u yerda bir oq ot turganini ko`rdim. Otliqning ismi Sodiq va Haq edi. U odilona hukm chiqarib, jang qiladi.
12 Uning ko`zlari olov alangasiday. Boshida ko`p toji bor, peshanasiga esa O`zidan boshqa hech kim bilmaydigan bir ism yozilgan.
13 U qonga bo`yalgan kiyim kiygan, Unga “Xudoning Kalomi” deb nom berilgan edi.
14 Pok, oppoq shoyi kiygan samoviy qo`shinlar oq otda Uning ketidan borardi.
15 Xalqlarga shikast berish uchun Uning og`zidan bir keskir shamshir chiqib turardi. Qo`lida temir tayoq bilan ularni boqadigan O`shadir. Har narsaga qodir Xudoning qaynoq qahr-g`azab sharobini tayyorlashga moslangan charxni O`zi bosadi.
16 Uning kiyimi va belida shunday bir ism yozilgan: “Hokimlarning Hokimi - Shohanshoh”.
17 Shundan so`ng quyosh ustida turgan bir farishtani ko`rdim. U baland ovoz chiqarib, osmon o`rtasidan uchib borayotgan barcha qushlarga shunday xitob qildi: “Xudoning buyuk bazmiga kelinglar!
18 Shohlar, sarkardalar, kuchlilar murdasini, otu otliqlar murdasini hamma erkinu tutqinlar, kattayu kichiklar murdasini xomtalash qilish uchun to`planinglar!”
19 Shundan keyin men hayvonni, yer yuzi shohlarini, ularning qo`shinlarini ko`rdim; ular ot mingan Chavandoz bilan Uning qo`shinlariga qarshi jang qilish uchun bir yerga to`plangan edilar.
20 Hayvon va uning oldida g`aroyibotlar qilgan soxta payg`ambar asir tushdilar. Hayvonning tamg`asini qabul qilib, uning tasviriga sajda qilganlarni o`z g`aroyibotlari bilan aldagan soxta payg`ambar ana shu edi. Har ikkovi ham oltingugurt bilan yonayotgan otash ko`liga tashlandi.
21 Boshqalar esa ot mingan Chavandozning og`zidan chiqqan shamshir bilan o`ldirildi. Hamma qushlar ularning go`shtini yeb to`ydi.
1 Qo`lida tubsizlik qa`rining kaliti va katta zanjir bilan osmondan tushayotgan farishtani ko`rdim.
2 Farishta ajdahoni, ya`ni iblis va shayton deb atalgan almisoq ilonini tutib, uni ming yil muddatga kishanlab qo`ydi.
3 Ming yil tamom bo`lgunga qadar yana xalqlarni aldamasin deb, uni tubsizlik qa`riga tashlab qamab qo`ydi va uning ustiga muhr bosdi. Ming yil o`tgandan keyin qisqa bir muddatga uni ozod qilish kerak.
4 Men taxtlarni va taxtda o`tirganlarni ko`rdim. Ularga hukm etish huquqi berilgan edi. Isoning shahodati va Xudoning kalomi tufayli boshi olinganlarning jonini ham ko`rdim. Bular hayvonga va uning tasviriga sajda qilmagan, peshanalari va qo`llariga uning tamg`asini qabul qilmaganlar edi. Ular tirilib, Masih bilan ming yil hukm surdilar.
5 Qolgan o`liklar ming yil tamom bo`lgunga qadar tirilmadi. Bu – birinchi qiyomatdir.
6 Birinchi qiyomatda ishtirok etadiganlar baxtiyor va muqaddasdir. Ikkinchi o`lim ularga hokim emas. Ular Xudoning va Masihning ruhoniylari bo`lib, U bilan ming yil hukm suradilar.
7 Ming yil tugagach, shayton o`z zindonidan ozod etiladi.
8 Yerning to`rt burchagidagi xalqlarni Ya`juj-Ma`jujni aldab vasvasa qilish va jangga to`plash uchun zindondan chiqadi. Ularning soni dengiz qumiday son-sanoqsizdir.
9 Ular yer yuzi tekisligiga chiqib, muqaddaslar manzili va aziz shaharni qurshab oldilar. Shu payt Xudo osmondan o`t yog`dirib, ularni qirib tashladi.
10 Ularni aldagan iblis esa hayvon va soxta payg`ambar bo`lgan olovli va oltingugurtli ko`lga tashlandi. U erda ular kechayu kunduz, ilalabad azob chekadilar. 11Keyin buyuk bir oq taxt va taxtda o`tirgan Siymoni ko`rdim. Uning huzuridan yeru osmon qochar edi, lekin ularga joy topilmadi.
12 Men Xudo taxti oldida turgan katta-kichik o`liklarni ko`rdim. Kitoblar ochildi. Hayot kitobi degan boshqa bir kitob ham ochildi. O`liklarnig har biri, kitoblarda yozilgani bo`yicha, qilmishlariga yarasha hukm etildi.
13 Dengiz o`zidagi o`liklarni berdi, o`lim ham, tamug` ham o`zlaridagi o`liklarni berdi, har bir kishi qilmishlariga yarasha hukm etildi.
14 O`lim va tamug` olov ko`liga tashlandi. Mana bu olov ko`li – ikkinchi o`limdir.
15 Ismlari hayot kitobida yozilmaganlarning hammasi olov ko`liga tashlandi.
1 Shundan keyin men yangi bir osmon va yangi bir yerni ko`rdim. Avvalgi yeru osmon g`oyib bo`lgan edi, dengiz ham endi yo`q edi.
2 Men, Yuhanno, tabarruk shahar – Quddusni ko`rdim; u kuyovi oldiga bezanib chiqayotgan kelin kabi osmondan, Xudo huzuridan tushayotgan edi.
3 Men Arshi a`lodan kelgan baland bir ovozni eshitdim, u shunday dedi: “Mana, Xudoning makoni insonlar aro! Xudoning O`zi odamlar ichra yashar. Ular Xudoning xalqi bo`lgay, Xudoning O`zi ular ichra maskan qilgay.
4 Xudo ularnig ko`zidagi har bir yoshni artib olur. Endi o`lim sira bo`lmas. Huzun ham, faryod ham, og`riq ham bo`lmas. Zero avvalgilar o`tib ketdi”.
5 Taxtda o`tirgan Siymo: “Mana, Men hammasini yangi qilib yaratyapman!” – dedi. Keyin menga: “Bularni yozib qo`y, bu so`zlar ishonchli va haqqoniydir!” – dedi.
6 So`ng menga qarab, dedi: “Amalga oshdi! Ibtido va Intiho, Bosh va So`ng O`zimman. Men chanqaganga obi hayot bulog`idan tekin bahra beraman.
7 G`olib kelganga bular nasib qiladi. Men uning Xudosi bo`laman, u Mening o`g`lim bo`ladi.
8 Ammo qo`rqoq, imonsiz, nopok, qotil, zinokor, jodugar, butparast va hamma yolg`onchilarnig qismati olov va oltingugurt bilan yonayotgan ko`ldadir. Bu ikkinchi o`limdir”.
9 Shu payt oxirgi yetti baloga to`ldirilgan yettita kosani ushlagan yetti farishtadan biri oldimga keldi va men bilan gaplashib: “Bu yoqqa kel, Qo`ziga kelin bo`ladigan ayolni senga ko`rsataman”, - dedi.
10 Farishta meni ilohiy Ruhning ta`sirida baland, yuksak bir toqqa olib chiqdi-da, menga ko`kdan, Xudo huzuridan tushayotgan tabarruk shahar – Quddusni ko`rsatdi.
11 Shahar Xudoning ulug`vor jamoli bilan balqir, uning sayqali qimmatbaho tosh, billur olmosga o`xshar edi.
12 Uning devori qalin va baland edi; o`n ikki darvozasi bo`lib, darvozalari ustida o`n ikkita farishta o`ltirar edi. Darvozalarda ismlar – Bani Isroilning o`n ikki qabilasi nomlari yozilgan edi.
13 Sharqdan uch, shimoldan uch, janubdan uch va g`arbdan uch darvoza bor edi.
14 Shahar devorlarining o`n ikki poydevori bo`lib, ularda Qo`zining o`n ikki havoriysi nomlari yozib qo`yilgan edi.
15 Men bilan gaplashagn farishtaning qo`lida shaharni, uning darvozalariyu devorini o`lchash uchun oltindan bir o`lchagichi bor edi.
16 Shahar to`rtburchak shaklda joylashgan, uning bo`yi eni bilan teng edi. Farishta shaharni o`lchagich bilan o`lchadi, u o`n ikki ming o`q otimi ekan. Uning eni, bo`yi va balandligi bir-biriga teng edi.
17 Farishta shaharning devorlarini ham o`lchadi; u insonlar o`lchovida ham, farishtalar o`lchovida ham yuz qirq to`rt tirsak chiqdi.
18 Devorlar olmosdan, shahar esa shishaday tiniq, sof oltindan qurilgan edi.
19 Shahar devorlarining poydevorlari turli qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan edi; birinchi poydevor olmosdan, ikkinchisi ko`k yoqutdan, uchinchisi aqiqdan, to`rtinchisi zumraddan edi.
20 Beshinchisi firuza, oltinchisi la`l, ettinchis sariq yoqut, sakkizinchisi ko`k zumrad, to`qqizinchisi zabarjad, o`ninchisi yashil aqiq, o`n birinchisi lojuvard, o`n ikkinchisi binafsha rang yoqutdan edi.
21 O`n ikki darvoza – o`n ikki marvariddan iborat edi, ya`ni har bir darvoza bitta marvariddan yasalgan edi. Shaharning ko`chasi esa bamisoli shaffof shishadek, sof oltindan edi.
22 Bu shaharda ma`bad ko`rmadim. Chunki har narsaga qodir Xudoyi Taolo va Qo`zinig O`zi shaharning ma`badidir.
23 Shaharni yoritish uchun quyoshga yoki oyga ehtiyoj ham yo`q. Chunki Xudoning ulug`voro jamoli uni yoritadi, Qo`zining O`zi uning yoritqichi bo`ladi.
24 (Qutilgan) xalqlar shaharning nurida yurishadi. Yer yuzi podshohlari unga o`z shon-shuhratlarini keltiradilar.
25 Shahar darvozalari kun bo`yi ochiq turadi, sira yopilmaydi, chunki u yerda tun bo`lmaydi.
26 Xalqlarning barcha davlatu savlati unga kiritiladi.
27 Lekin hech qanday murdor narsa, hech bir razil yoki yolg`onchi kishi unga kirmaydi; faqat Qo`zining hayot kitobida yozilganlar kiradi.
1 Farishta menga Xudoning va Qo`zining taxtidan chiqib, shahar ko`chasi bo`ylab oqayotgan billurday obi hayot daryosini ko`rsatdi.
2 Daryoning u yog`ida ham, bu yog`ida ham har oyda bir, ya`ni yilda o`n ikki marta hosil beradigan hayot daraxti bor edi. Bu daraxtning barglari xalqlarga shifo baxsh etadi.
3 Boshqa hech qanday la`nat qolmaydi. Shaharda Xudoning va Qo`zining taxti bo`ladi, Uning qullari Unga xizmat qiladi.
4 Ular uning yuzini ko`rib turadi, Uning ismi peshanasiga yozilgan bo`ladi.
5 u yerda boshqa tun bo`lmaydi; chiroqqa ham, quyosh yog`dusiga ham ehtiyoj bo`lmaydi. Chunki Xudoyi Taolodan ularga nur yog`ilib turadi, ular esa to abad hukmronlik qiladilar.
6 Farishta menga shunday dedi: bu so`zlar ishonchli va haqqoniydir. Aziz payg`ambarlarni ruhlantirgan Xudoyi Taolo yaqin orada yuz berishi muqarrar bo`lgan voqealarni O`z qullariga bildirish uchun farishtasini yubordi.
7 “Mana, Men tezda kelaman! Bu kitobning bashoratli kalomlariga rioya qilganlar baxtiyordir!”
8 Men, Yuhanno bularni ko`rdim va eshitdim. Bularni ko`rib eshitganimda, menga ko`rsatgan farishtaning oyoqlariga yiqilib sajda qilmoqchi bo`ldim.
9 Ammo u menga: zinhor bu ishni qilma! Men sening hamda birodarlaring – payg`ambarlarning hamkoriman, shuningdek, bu kitobning so`zlariga rioya qiluvchilarning hamkoriman. Xudoga sajda qil! – dedi.
10 Keyin menga yana shunday dedi: bu kitobning bashoratli kalomlarini muhrlab sir saqlama, chunki vaqt yaqindir.
11 Fosiq, mayli, yomonlik qilaversin; nopok, mayli, ifloslik qilaversin. Solih esa to`g`ri ish qilaversin va muqaddas kishi o`zini muqaddas saqlasin.
12 “Mana, Men tez kelaman, qarimtam O`zim bilan. Har kimga qilmishiga yarasha sazo bergumdir.
13 Men Ibtido va Intiho, Avvaliyu Oxiri, Bosh va So`ngdirman”.
14 Qanday baxtlidir kiyimlarini yuvganlar, hayot daraxti mevasidan yeb, shahar darvozalaridan kirish huquqiga ega bo`lganlar!
15 Tashqarida esa itlar, jodugarlar, zinokorlar, qotillar, butparastlar, yolg`on-makrga ruju qo`yganlarning hammasi bo`ladi.
16 “Men – Iso O`z farishtamni oldingizga yubordim. Toki u bu to`g`rida jamoatlarimga shahodat bersin. Men Dovud avlodidan kelib chiqqan Zot, yorug` tong yulduzidirman”.
17 Ruh ham, Kelin ham: “Kel!” – deb chorlayapti. Eshitgan kishi ham: “Kel!” – desin. Chanqagan kelsin, xohlagan hayot suvidan tekin bahra olsin.
18 Bu kitobning bashoratli kalomlarini eshituvchi har bir kishiga shahodatim shu: kimda-kim bularga biror narsa qo`shsa, Xudo bu kitobda yozilgan balolarni unga taqdir qiladi.
19 Kimda-kim bu kitobda bashorat qilib aytilgan so`zlardan biror narsani olib tashlasa, Xudo uni bu kitobda yozilgan hayot daraxtidan va muqaddas shahardan mahrum qiladi.
20 Bu gaplarning Shohidi: “Ha, Men tez kelaman!” – deyapti. Omin! Kel, yo Rabbimiz Iso!
21 Rabbimiz Iso Masihning inoyati barchangizga yor bo`lsin. Omin.